BAA Eron fuqarolari uchun cheklovni kuchaytirdi
Birlashgan Arab Amirliklari va Eron o‘rtasidagi siyosiy munosabat keskinlashishi ortidan BAA Islom Respublikasi fuqarolari uchun mamlakatga kirish tartibini sezilarli darajada qiyinlashtirdi. Xususan, "Emirates Airlines" rasmiy manbalari orqali eronliklar uchun mamlakatga kirish cheklanganini ma’lum qildi. Rasmiy izohlar hali taqdim etilmagan bo‘lsa-da, mazkur taqiq amalda viza va pasport talabida aks etmoqda.
Shu bilan birga, ayrim istisnolar saqlanib qolgan. Masalan, “Flydubai” oltin vizaga ega shaxslar kirish va tranzit imkoniyatidan to‘liq foydalanishda davom etishini bildirgan.
Binobarin, hukumat ichki xavfsizlik chorasini kuchaytirib, mamlakatda yashab kelayotgan ayrim eronliklarning yashash ruxsatnomasini bekor qila boshladi. Ushbu davlat bilan bog‘liq ayrim kompaniya va tashkilotlar faoliyati ham to‘xtatilgan, ayrim hollarda deportatsiya ham qayd etilyapti.
Umuman, BAAda Eron fuqarolariga nisbatan nazorat keskin kuchaytirilgan. Cheklov nafaqat chegarada, balki mamlakat ichida yashovchi rezidentlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA