AYYOM FAZILATI: Yetimning kafili
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men va yetimning kafili jannatda mana bundaymiz”, dedilar hamda ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari bilan ishora qilib, orasini ozroq ochib ko‘rsatdilar,” dedilar. Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati.
Islom insonlar yer yuzini obod qilishi, o‘zaro ahil bo‘lib, adolatli hayot kechirishlari uchun ularni ezgu va xayrli ishlar qilishga chorlaydi. Musulmon kishini har tomonlama yetuk, barkamol, go‘zal axloqli, yetimlarga, beva-bechoralarga g‘amxo‘r bo‘lishga, ularni ehson qilishga va ma’naviy ko‘mak berishga buyurib, har qanday yomon ishdan, gina, adovat, zulmdan, o‘zgalar haqini yeyishdan, hasad va xasislikdan qaytaradi. Muqaddas dinimiz ta’limotlarida bu dunyoda qilingan har bir yaxshi va yomon amallar uchun qiyomat kunida mukofot yoki jazo olishlari aytiladi.
Yetimni o‘z qaramog‘iga olish ham dinimizdagi ko‘rsatmalardan qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lishga yetkazadigan amallardan hisoblanadi.
Yetimni kafilligiga olgan, uning molini tasarruf qilayotgan kishi Allohdan qo‘rqishi kerak. Yetimdan tabassumini, nasihatini, yumshoq so‘zni ayamasligi, go‘zal tarbiya berish va unga mehribon bo‘lishi lozim. Yetimning molidan unga sarf qilib, molini ehtiyot qilganlar ham yetimni kafillikka olganlar qatoriga kiradi.
Ushbu hadis sharhida Qatoda rahimahulloh “Yetimga rahmli ota bo‘ling!” deganlar.
Ibn Battol aytadilar: “Ushbu hadisni eshitgan kishining zimmasida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan jannatda birga bo‘lish uchun unga amal qilish vazifasi bordir. Zero, jannatda bundan afzal martaba yo‘qdir”.
Yetimni qaramog‘iga olish uchun, albatta, farzandsiz bo‘lish shart emas. Balki, o‘z bolalari bor kishilar yetimlarni oilasiga qabul qilsalar va o‘z farzandlari qatori ularning boshini silasalar juda yaxshi bo‘ladi.
Yetimni kafillikka olish – balog‘atga yetgunicha uning nafaqasi, kiyimi, odobi, tarbiyasi, unga mehribonlik qilishni kafolatlashdir.
Kafolatga olish yetimni o‘z uyiga olib ketish, bag‘riga bosish, ehtiyojlarini qondirish bilan bo‘ladi. Bunda yetim kafillikka oluvchining qarindoshi bo‘ladimi yoki begonami, u yetimning haqiga rioya qilsa kafillikka olishiga hech qanday mone’lik yo‘q. Ammo jamiyatda o‘zining tayinsizligi va tarbiyasizligi bilan tanilgan kishiga yetimning kafiligi ishonib topshirilmaydi.
Xayriya jamiyatlari orqali yetimlar nafaqasi uchun ular balog‘atga yetgunicha mablag‘ o‘tkazish ham yetimni kafillikka olishga kiradi.
Tohir EVADULLAEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
O‘zA