Ayrim poyezdlar harakatida o‘zgarish kutilmoqda (+video)
Poytaxtimizdagi “To‘qimachi” hamda “Toshkent yo‘lovchi” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida texnik ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda “Toshkent-Andijon-Toshkent”, “Toshkent-Volgograd-Toshkent”, “Dushanbe-Toshkent-Dushanbe” yo‘lovchi poyezdlari joriy yilning 15 sentyabridan 15 oktyabrigacha Toshkent Janubiy vokzali hududidan vaqtincha reyslarni amalga oshiradi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent Markaziy hamda Toshkent Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin. Janubiy vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat o‘tish punktlari doimiy ravishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.


Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan yoxud yanglishib shimoliy vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Texnik ta’mirlash ishlari yakunlanganidan so‘ng poytaxtimiz hududidagi temir yo‘llarda poyezdlar o‘tkazuvchanligi yanada ortadi va yuk poyezdlarining to‘xtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratiladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JMMMJ9r7bQY" title="Ayrim poyezdlar harakatida o‘zgarish kutilmoqda (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, D.Yoqubov (video), O‘zA