Ayrim NNTlar ishonchni oqlamayapti
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi “uchinchi sektor” vakillarining eng muhim, eng sara ijtimoiy loyihalarini moliyalashtirib kelmoqda.
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi “uchinchi sektor” vakillarining eng muhim, eng sara ijtimoiy loyihalarini moliyalashtirib kelmoqda. Biroq mablagʻ qoʻlga kiritilgach, ayrim loyihalarda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar faqat qogʻozda qolib ketyapti, ishonch oqlanmayapti.
Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishida ayni masalaga alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etilishicha, 2017-yilda 248 ta loyiha davlat granti shaklida 6 milliard 30 million soʻmga qoʻllab-quvvatlangan. Adliya hamda moliya organlari tomonidan grant loyihalarning amalga oshirilganligi boʻyicha monitoring oʻtkazildi.
Parlament komissiyasi aʼzosi, adliya vaziri oʻrinbosari Akbar Toshqulovning aytishicha, adliya organlari olib borgan monitoring natijasida 74 ta NNTda 194 ta kamchilik aniqlangan. 76 ta NNTda142 225 695 soʻm mablagʻ smetaga koʻra sarflanmay qolgan. Shuningdek, 10 ta NNTda 86 922 357 soʻm mablagʻ maqsadsiz sarflangan. Masalan, Fargʻona viloyatidagi “Chimyon suv halol” nodavlat notijorat tashkiloti 24 million soʻm, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining Toshkent viloyati boʻlimi 18 million 835 ming soʻm mablagʻni ijtimoiy loyihada koʻzda tutilmagan maqsadlarga yoʻnaltirib yuborgan.
Parlament komissiyasi aʼzosi, Moliya vazirligi boshqarma boshligʻi Abdulaziz Haydarovning soʻzlariga koʻra, grant mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish boʻyicha Toshkent shahridagi NNTlar “yetakchi”. Hozirgi kunda 55 ta NNTda sarflanmay qolgan mablagʻlar jamoat fondiga qaytarilgan.
– Ayrim NNTlarda grant loyihasi va loyiha boʻyicha smeta mavjud emasligi sababli monitoringni oʻtkazishda noqulayliklar yuzaga keldi, – deydi A.Toshqulov. – Kelgusida monitoring sifatini yanada oshirish maqsadida grant loyihasi, loyiha boʻyicha smeta nusxalarini moliya va adliya organlariga taqdim qilish yoki ularni jamoat fondining rasmiy saytiga joylashtirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining davlat subsidiyasi doirasida 2019-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida assotsiatsiya va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ijtimoiy sheriklik doirasida 80 dan ortiq tadbir oʻtkazildi. NNTlarga uslubiy koʻmak berish maqsadida grant loyihalarini yozish va grant tanlovda ishtirok etish boʻyicha mahorat darslari tashkil etildi. Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Oʻzbekiston tibbiy ilmiy faoliyati bilan shugʻullanuvchi tabobat akademiyasi hamda Ekologik partiya bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi.
Bu kabi ishlar Parlament komissiyasi tomonidan ijobiy baholandi va assotsiatsiyaning subsidiyasi doirasidagi faoliyati qoniqarli, deb topildi.
Parlament komissiyasi aʼzolari 2018-yilda davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida qoʻllab-quvvatlangan 4 ta NNTning loyiha yakuni boʻyicha hisobotini ham eshitdi. Ijtimoiy buyurtma doirasida amalga oshirilgan ishlar eʼtiborga molik. Masalan, Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati Toshkent shahri va viloyatidagi 20 ta mahallada favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini taʼminlash, atrof- muhitni muhofaza qilish maqsadlariga qaratilgan “Mahalla fuqarolar muhofazasi” markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Demokratiya va inson huquqlari instituti esa “OAV va Oʻzbekistonda sud-huquq islohotlari” nomli qoʻllanmani nashr etdi. “Hurriyat” gazetasi tahririyati “Harakatlar strategiyasi: taraqqiyot va demokratiya poydevori” mavzusida tanlov tashabbuskori boʻldi.
Mazkur “uchinchi sektor” vakillarining davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasidagi faoliyati qoniqarli, deb topildi. Faqat Yosh huquqshunoslar kengashi “Yoshlar kelajagi qonunlarga rioya qilishdan boshlanadi” nomli loyihasi doirasida olib borilgan ishlar haqida aniq va yetarlicha maʼlumotlar taqdim etmagani bois Parlament komissiyasi aʼzolari hisobotni qabul qilishni rad etdi.