Ayollar uydan turib hunar oʻrganmoqda
Jizzax viloyatida ushbu loyihani amalga oshirishda “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalariga ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi hamkorlik qilayotir.
Jizzax viloyatida “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi tomonidan ochilgan tikuvchilik, sartaroshlik, qandolatchilik, kompyuter savodxonligi, milliy hunarmandchilik, toʻquvchilik oʻquv kurslarida karantin davrida mashgʻulotlar masofaviy shaklda davom etmoqda.
Oʻtgan yilning iyun oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining granti asosida Respublika bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Respublika “Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasining Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining qishloq hududlarida ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda kam taʼminlangan aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishdagi ijtimoiy hamkorlikning innovatsion mexanizmlari” ijtimoiy loyihasi davlat buyurtmasi boʻyicha amalga oshirilib kelinmoqda.
Loyiha doirasida har bir hududda 320 nafardan ishsiz ayollar va yoshlarga 6 ta yoʻnalish: tikuvchilik, sartaroshlik, qandolatchilik, kompyuter savodxonligi, milliy hunarmandchilik, toʻquvchilikdan bepul qisqa muddatli oʻquv kurslarida kasbiy malaka oʻrgatilishi va sertifikat bilan taʼminlash belgilangan boʻlib, joriy yilning aprel oyida oxirgi kurslar tugallanishi rejalashtirilgan.
Jizzax viloyatida ushbu loyihani amalga oshirishda “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalariga ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi hamkorlik qilayotir. Koʻp yillik tajribaga ega nodavlat notijorat tashkiloti boʻlgan ushbu markaz koʻmagida viloyatning Zarbdor, Baxmal, Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahridagi kurslarda jami 168 nafar ishsiz xotin-qizlar va yoshlar uyda oʻtirib hunar oʻrganmoqda.
– Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantin sababli oʻquv kurslari vaqtincha toʻxtatilgan edi, – deydi “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi rahbari Nodira Alimova. – Prezidentimizning yaqinda aholi bandligini taʼminlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab bergan vazifalardan kelib chiqib oʻquv kurslarida masofaviy mashgʻulotlarni tashkil etdik.
Oʻtilayotgan masofaviy kurslar qatʼiy nazoratga olingan boʻlib, tinglovchilar topshiriqlarni bajaradilar va ustozlari orqali baholanib boradilar. Masofaviy mashgʻulotlar malakali mutaxassislar, katta tajribaga ega hunarmandlar tomonidan olib borilmoqda.
Masalan, Baxmalda tumanida tiquvchilik boʻyicha masofaviy mashgʻulotlarni hunarmandlarning katta avlodi vakili, koʻplab milliy va xalqaro festivallar gʻolib va sovrindori Gavhar Astanaqulov olib bormoqda. Masofadan turib milliy va zamonaviy uygʻunlikdagi toʻquvchilik sirlarini oʻrgangan baxmallik kurs tinglovchilari toʻqigan mahsulotlari bilan koʻrgazma-savdolarida ishtirok etishga tayyorlanmoqda.
– Ishsiz, uyda oʻtirib qolgan xotin-qizlar uchun tashkil etilgan bepul kurslarda ancha narsa oʻrgangan paytimiz karantin boshlanib qolgan edi, – deydi Zarbdor tumani, Ravot qishlogʻida yashovchi Mayram Qorjovova. – Hozir oʻqishimizni mobil telefonda masofaviy davom ettirayotirmiz. Allaqachon butun oila aʼzolarimiz bilan milliy hunarmandchilik asosida turli buyumlar va milliy kiyimlar tikishni oʻrganib oldik. Bu albatta, oilaviy byudjetimizni mustahkamlashga yordam boʻladi.
Shuningdek, markaz tomonidan “Ayolga eʼtibor – oilaga, jamiyat kelajagiga boʻlgan eʼtibordir” loyihasi doirasida ayollar va ularning oilalarini ruhiy tushkunlik holatlari va boshqa ogʻir vaziyatlarda qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ishonch telefoni” orqali bepul psixolog va huquqshunos xizmatlari ham yoʻlga qoʻyilgan.