Ayollar tadbirkorligi rag‘batlantirilmoqda
Poytaxtimizda “Qishloq va tumanlarda xizmat ko‘rsatish sohasini izchil rivojlantirish xotin-qizlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi muvaffaqiyatining garovidir”mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda “Qishloq va tumanlarda xizmat ko‘rsatish sohasini izchil rivojlantirish xotin-qizlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi muvaffaqiyatining garovidir”mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda xizmat ko‘rsatish sohasining rivoji nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki hududlar infratuzilmasini yaxshilashga ham xizmat qilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi uch yilda xizmatlar hajmi 1,6 barobar, qishloqda bir kishiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 1,5 barobar oshgan.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida qayd etilganidek, o‘tgan yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishining yarmidan ko‘pi xizmat ko‘rsatish sohasi hissasiga to‘g‘ri kelgani bu tarmoqning iqtisodiyotimizdagi o‘rni va ta’siri naqadar katta ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi ushbu soha rivojiga yanada keng yo‘l ochishga qaratilgan qonun loyihalari ishlab chiqish, turli loyiha va tanlovlar orqali xizmat ko‘rsatish subyektlarini rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Partiyaning “Ayollar qanoti” tomonidan xotin-qizlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, bu sohadagi bilimlarini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 2015-yilda “Oilaviy tadbirkorlikdan mustahkam oilaga” loyihasi asosida tijorat banklari tomonidan ajratilgan 6 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘i ko‘magida ko‘plab maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sog‘lomlashtirish muassasalari ochilib, xotin-qizlar uchun zarur qulayliklar yaratildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda xizmat ko‘rsatish sohasida muvaffaqiyatga erishgan ishbilarmon ayollar o‘z faoliyatlari, tajribalari haqida fikr almashdilar.