Ayollar sport festivali
Farg‘onada Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab xotin-qizlar o‘rtasida sport festivali o‘tkazildi.
Farg‘onada Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab xotin-qizlar o‘rtasida sport festivali o‘tkazildi.Farg‘ona viloyati hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda 300 dan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.
Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Tojiyeva va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar salomatligini mustahkamlash, sport, ayniqsa, xotin-qizlar sportini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 665 mingdan ziyod xotin-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ayollarni sportga jalb etish maqsadida “Sport malikasi”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Kamolot” malikalari” kabi musobaqalar tashkil etilayotir.
Festival ishtirokchilari sportning suzish, yugurish va voleybol kabi turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
– Sport – sog‘lom hayot asosi, – deydi Farg‘ona shahridan Dilorom Hasanova. – Shahrimizda ko‘plab zamonaviy sport inshootlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda biz, ayollarning o‘zimiz istagan sport turi bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.
Uy bekalari va hamshira, pedagog, tadbirkor, fermer kabi kasb egalari ishtirok etgan festivalda qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.