Ayollar kurashida mamlakat chempionlari saralandi
Qashqadaryo viloyatida sport kurashlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan U15 yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionatida ayollar kurashi dasturida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Musobaqaning -33 kilogramm vazn toifasida Madina Nosirova so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida Anna Gorshkova ustidan g‘alaba qozondi va mamlakat chempioniga aylandi. Ushbu vazn toifasida bronza medallari Umida Davletbayeva hamda Umida Normamatovaga nasib etdi.
Vazni -36 kilogrammgacha bo‘lgan Shodiya Xolmo‘minova bellashuvlarda barcha raqiblarini taslim etgan holda birinchi pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, E’zoza Abdirashidova ikkinchi, Parizoda Sa’dullayeva va Mohinur Yaxshiboyeva uchinchi o‘rinlarni band etdi. -39 kilogramm vazndagi bahslarda Shukrona To‘xtapo‘latova oltin medalga sazovor bo‘ldi. Kumush medal Kumush Normo‘minovaga, bronza medallar Umidabonu G‘aybullayeva va Feruza Hamidovaga nasib etdi.
Shuningdek, -42 kilogrammda Malika Murodullayeva (Navoiy) chempion bo‘ldi. Oyda Allaberganova kumush, Shahzoda Baxtiyorova va Kumush Abdurashidova bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Vazni -46 kilogrammgacha bo‘lganlar orasida Sarvinoz Rahimjonova shohsupaning eng yuqori o‘rnidan joy oldi. Ushbu vazndagi kumush va bronza medallariga Odina Hamidjonova, Nuray Baratbayeva hamda Sevinchoy Zaripova sazovor bo‘ldi.
Darvoqe, O‘zbekiston chempionatida bugun, 7-oktabr kuni erkin kurash bahslari start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA