Ayollar huquqlari qonun himoyasida
Navoiy viloyat sudida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirokida ayollar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan qo‘shma majlis o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Z.Mahkamova yurtimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, oilalar barqarorligini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy hamda siyosiy faolligini oshirish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda oilaviy ajrimlar, ularni kamaytirish bo‘yicha qilingan ishlar har bir tuman (shahar) kesimida tahlil etilib, oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash, ularni yarashtirish choralarini ko‘rish va bu borda o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlanib, oilaviy nizolarni sudgacha hal etish mexanizmini joriy etish, bu boradagi qonun hujjatlariga takliflar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.



Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarim yilligida 122 nafar ayollarga nisbatan 107 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 taga yoki 12,6 foizga, shaxs soni esa 18 taga yoki 17,3 foizga oshgan. Shuningdek, 1151 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar ko‘rilgan bo‘lib, ularning 650 tasi qanoatlantirilgan, 260 tasi rad qilingan, 74 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 167 tasi ish yurituvdan tugatilgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 239 taga yoki 20,8 foizga ko‘paygan. Sudning er-xotinni yarashtirish bo‘yicha chiqargan ajrimlari ijrosini ta’minlash, ularni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha sudlarga xulosalar taqdim etish, xulosalarning namunaviy shakllari yuzasidan kelishuv tuzildi. Kelgusida sudlar hamda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA