Ayollar huquqlari qonun himoyasida
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha dolzarb ikki oylik” munosabati bilan tuman ayollari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Seminar viloyat adliya boshqarmasi, tuman hokimligi, madaniyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy himoya, huquqiy kafolat sifatida qabul qilinganligi va sohaga oid boshqa qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati bo‘yicha ma’lumot berildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, ayollar bandligini ta’minlash, zo‘ravonlikning turlari va ko‘rinishlari bo‘yicha javobgarlik va mas’uliyatni oshirishdan iborat.

Seminar davomida tuman yuridik markaz xodimlari tomonidan zarbdorlik xotin-qizlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar bo‘yicha ham atroflicha ma’lumotlar berilib, ishtirokchilarga yuridik xizmatlar ham ko‘rsatildi.
A.Qayumov, O‘zA