“Ayollar daftari”dan farovon hayot sari ilk qadam
Toshkent viloyatida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, hududlardagi sektorlar tomonidan “Ayollar daftari”ga 37 ming 709 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar kiritilgan edi.
Viloyatda joriy yilning 1 sentyabriga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan fuqarolardan tashqari barchani mazkur daftardan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilagan. Shuningdek, birinchi yarim yillik yakuniga qadar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 677 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratish belgilangan. Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 419 milliard, “Fermerlar jamg‘armasi” dasturi bo‘yicha 25 milliard, hunarmandchilik yo‘nalishida 27 milliard, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan 97 milliard so‘m ajratiladi.
O‘rta Chirchiq tumanidagi “Mayramko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Gulisa opa Bildanova “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan 28 nafar ayollardan biri edi.
Oila tashvishlarini matonat bilan yengayotgan qahramonimiz avvaliga subsidiya asosida berilgan 7,5 million so‘m kreditga mo‘’jazgina issiqxona barpo etib, qishin-yozin sabzavot va ko‘katlar yetishtirish bilan shug‘ullandi. Ko‘katlardan keyin ro‘zg‘orga, ortgani bozor uchun pomidor ekib, oilasiga baraka kiritdi. Gulisa opa xususiy tovuq fermasida 8 yil ishlab, tajriba orttirgan. Bundan ikki oy oldin unga tuman hokimligi tomonidan ajratilgan 33 million so‘m kredit evaziga 550 dona “Novigen” zotdor tovuqlari keltirib berildi. Gulisa opa imkoniyatdan unumli foydalanib, tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha olgan bilimlari va hayotiy tajribasini qo‘llab, ilk natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Xususan, 18 million so‘mga inkubatoriya sotib olib, bir bor tuxum qo‘yishda 1 ming 200 donadan jo‘ja chiqara boshladi. 3 kunlik tetik, zotdor jo‘jalarning xaridori chaqqon bo‘lmoqda. Qolaversa, 550 dona tovuqlarning barchasi tuxum qiladi.
Piskent tumani Mo‘minobod mahallasida yashovchi Gulbahor Normatova ham ishsizligi tufayli “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Tikish-bichishni o‘rgangan ayol chevarlikdan daromad manbai sifatida foydalanishni o‘yladi. Bunda hokimiyat, prokuratura va mahalla mas’ullari yaqindan ko‘maklash.
– Ko‘pchilik mendan chevarlikni yoshlikda o‘rganganmisiz, deb so‘raydi, – deydi yakka tadbirkor, 57 yoshli Gulbahor Normatova. – Oddiygina uy bekasi bo‘lganim uchun biror hunarim ham yo‘q edi. 5 farzandni katta qilish, o‘qitib, uyli-joyli qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Bolalar voyaga yetib qolgach, hayotimizni yaxshilash uchun o‘zim ham harakat qilishim kerakligini tushunib yetdim. To‘g‘ri chok bilan beshik anjomlarini tikishni boshlaganman.
Dastlab o‘z xonadonida qo‘shni uy bekalari bilan ish boshlagan Gulbahor opa bugun 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini – "Piskent Fayz Baraka" oilaviy korxonasini tashkil qildi. Xomashyo va zamonaviy tikuv dastgohlari xarid qildi. Tuman hokimi Rahimjon Rixsiyev ko‘magida tikuv sexi uchun sobiq kollej binosidan bepul joy ajratildi. Hozir korxonada 8 nafar chevar ayol buyurtmalar asosida biri-biridan bejirim liboslar tikmoqda.
Darhaqiqat, chevar, pazanda, ishbilarmon xotin-qizlarimiz ko‘p. Birgina Piskent tumani bo‘yicha hozirgacha “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan xotin-qizlardan 171 nafari imtiyozli kredit olib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. “Ayollar daftari” ro‘yxatidan chiqib ketdi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday e’tibor va yordam ayollarning iste’dodini, imkoniyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
A.Musayev, O‘zA