Aybsiz erining ortidan qatag‘on girdobiga tortilgan ayollar qismati
Birinchi maqola
Ayollarni e’zozlash, qadrlash, nozik xilqat sifatida ko‘ngliga qarash va ularga ozor yetkazmaslik har bir jamiyatda eng ustuvor mezonlardan biri bo‘lib kelgan.
Ammo o‘tgan asrning 30-yillarida avj olgan “Katta qirg‘in” davrida xotin-qizlarga ham, beg‘ubor bo‘lgan bolalarga ham rahm-shafqat qilinmagani tarixiy manbalardan ma’lum. Aybsiz aybdor bo‘lgan ojiza ayollar ko‘p hollarda “vatan xoini” va “sotqin”ga chiqarilgan erlarining ortidan boshlari baloga giriftor bo‘lgan. Aslida butun oilalar boshiga aybsiz bo‘lsa-da, majburan qora kulfatlar yog‘dirilgan. Turli vajlar bilan bo‘yniga ilingan ayblovlar oqibatida eru xotin va farzandlar, hatto yaqin qarindoshlar ham uzoq o‘lkalarga badarg‘a qilingan yoxud qatag‘onga uchragan.
Poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i, qatag‘onga uchragan ayol-qizlar haqidagi tarixiy manbalarni tadqiq etish bilan shug‘ullanib kelayotgan mutaxassis Aziza Ahrorova qatag‘on davrida gunohi nima ekanligini bilmay aybdor bo‘lgan ayollar, qatag‘onga duchor bo‘lganlarning rafiqalari taqdiri haqida O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi:

– Sharqda ayollar yaqin-yaqingacha oila bekasi, yangi avlodlarni yaratuvchi, ularni tarbiya qiluvchi murabbiyalar sifatida qadrlangan. Ammo aksar Sharq ayollari erlari bilan baravar o‘qimishli, bilimli, ma’rifatli kishilar bo‘lib, davlat boshqaruv ishlarida ham ishtirok etgani tarixiy manbalardan ma’lum. Ular o‘z uylarida yoki o‘zlari yashagan mahallada maktab ochib, qiz bolalarni, ba’zan o‘g‘il bolalarni ham o‘qitganlar.
1917 yil oktyabr to‘ntarishidan keyin sovet hukumati o‘zbek ayollarini ijtimoiy hayotga jalb etish orqali o‘z maqsadi va rejalarini amalga oshirdi. Ayollarni ijtimoiy hayotga jalb etganidan so‘ng ularni ayamasdan qurbon qildi va qatag‘onga uchratdi.
Sovet davlati 1937-1938 yillarda avj olgan “Katta qirg‘in” davrida minglab begunoh kishilarni – davlat va jamoat, fan va madaniyat arboblarini, sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport rahbarlarini qamoqqa oldi. Ayni paytda ko‘pchiligi uy bekasi bo‘lgan xotinlarini ham hech qanday dalil-isbotsiz qamoqqa olganlar. Qatag‘on qiluvchi organlarning xodimlari bu ayollarni erlariga qarshi ma’lumotlar berishga, hattoki, tuhmat qilishga majbur etdilar, ularni qiynadilar, zo‘rladilar.
Bu tadbirlar 1937 yil 15 avgustdagi SSSR NKVDning “Vatan xoinlarining ayollari va farzandlarini qatag‘on qilish tadbiri to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan amalga oshirildi. Demakki, qatag‘onlik ayol va yosh bolalarni ham chetlab o‘tmadi. Ushbu qarorga asosan 1938-1939 yillarda sobiq SSSRdan 18 mingga yaqin ayollar vatan xoinining oila a’zosi sifatida lagerlarga jo‘natildi. Ularning ayanchli taqdiri esa jamiyatda og‘ir oqibatlarga olib keldi.
Ta’kidlash lozimki, jazo organlari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur dasturda insoniy huquqlar umuman e’tiborga olinmagan. Yuqorida qayd etilgan buyruqda hibsga olingan shaxsga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk musodara qilinishi, sudlanganlarning xotinlari ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, 5-8 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, lagerlarga yuborilishi, mahkumlarning ijtimoiy xavfli bolalari, ularning yoshiga, xavflilik darajasiga va tuzatish imkoniyatlariga qarab NKVD lagerlarida yoki axloq tuzatish koloniyalarida qamoqqa olinishi yoki bolalar uylariga joylashtirilishi mumkinligi aks etgan bandlar mavjud edi. Albatta, sovet hukumati o‘z rejimini mustahkamlash jarayonida jamiyatning nozik qatlamlarini shunday jazolash usullarini ishlab chiqqan.
Arxiv hujjatlari bilan tanishish chog‘ida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qamoqqa olingan ayollar ko‘pincha birinchi marta (yagona) so‘roqqa chaqirilgan va hamma ayollarga bir xil savollar berilgan. Ular “turmush o‘rtog‘ingiz bilan qancha yashagansiz?”, “o‘zingiz va eringizning tanishlari haqida ma’lumot bering”, “uyingizga kimlar tashrif buyurgan?”, “siyosiy mavzularda suhbat bo‘lganmi?”, “sovet hukumati siyosati muhokama qilinganmi?” kabi savollarga javob berishga majbur qilingan.Bu savollarga barcha ayollar siyosiy mavzuda suhbat bo‘lmaganini aytishgan. Shundan keyin ayollarni sarosimaga soluvchi savollarga o‘tishgan: “Turmush o‘rtog‘ingiz aksilinqilobiy faoliyati uchun qamoqqa olingan. Siz bu haqida nima deya olasiz?
Siz eringizning aksilinqilobiy faoliyatini bilib turib, tegishli joylarga murojaat qilmaganlikda ayblanasiz, buni tan olasizmi?” Savollardan ko‘rinib turibdiki, ayollari orqali go‘yoki, erlarining “aybi” isbotlanib olingan. Tabiiyki, ayollar buni tan olishmagan. Ular bunday faoliyat haqida hech narsani bilmasliklarini aytishgan.

“NKVDning buyrug‘i bo‘yicha 1938-1946 yillarda Qarag‘andadagi (Shimoliy Qozog‘iston) “A.L.J.I.R” (Akmolinskiy lager jyon izmennikov rodinы) lagerida “Vatan xoinlarining oila a’zolari”dan tashkil topgan 6 ming 500 ayol jazoni o‘tagan. Arxiv materiallariga ko‘ra, “A.L.J.I.R” mahbuslarining soni birinchi yilda 6,5 ming kishiga yetgan.
A.L.J.I.R mahbusalaridan biri Galina Koldomosova ushbu lager haqida shunday yozgan: “Bu qishloqda burchaklari to‘rtta minorali tikanli sim ortida, faqat “Vatan xoinlarining” xotinlari yashagan”.
Yana bir A.L.J.I.R mahbusasi, hozirgi Ostona shahridan bo‘lgan I.K.Malseva shunday xotirlaydi: “Hovlida mahbusalar 14-15 soat ishlashar edi, ertalab soat 4:00da uyg‘onar, juda kech qaytib kelar edilar. Charchaganlaridan oyoq ko‘tarishga ham majollari bo‘lmas, dam olish kunisiz ishlar edilar.”
Tikuv fabrikasida ishlagan mahbusalar qator savdo shaharlarining buyurtmalarini bajarishgan. Buning uchun ularga judayam ko‘p kuch va jasorat kerak edi. Og‘ir mehnat va lager sharoitidan tashqari ayollarning ruhiy ahvoli, tabiiyki, yaxshi bo‘lmagan. Farzandlari, erlari, qarindoshlari va do‘stlarining taqdiri noaniqligi ularni umidsizlikka tushirgan. Ba’zilari esa qochishga harakat qilgan.
A.L.J.I.R qamoqxonasida Ahmedova Tojixon, Yo‘ldoshboyeva Halima (Qozog‘istonda tug‘ilgan, o‘zbek), Ibragimova Amina (Qozog‘istonda tug‘ilgan, o‘zbek), Shermuhammedova Rahbar kabi o‘zbek ayollari ham bo‘lgan.
Xalq dushmani tamg‘asi bilan qatag‘on bo‘lganlarning farzandlari maxsus bolalar muassasalarida saqlangan. 1937 yil 15 avgustdan 1939 yil yanvarigacha ittifoq bo‘yicha 25 ming 342 nafar bola oilasidan ajratib olingan. Ulardan 22 ming 427 nafari Xalq maorifi komissarligi hududidagi bolalar uylariga va mahalliy bog‘chalarga tarqatib yuborilgan. 15 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar “ijtimoiy xavfli” hisoblanib, qamoqqa olingan va hukm qilingan. Qarag‘anda lageridagi mahbus ayollar jazo muddatini o‘tayotganlarida 1 ming 507 nafar farzand ko‘rgan. Bu bolalar ko‘pincha zo‘rlik asosida dunyoga kelgan.
Ana shunday fojealar O‘zbekistonda yashayotgan aholi vakillarining boshiga ham tushgan edi. O‘zbekistonda ham boshqa sobiq ittifoq davlatlari qatorida NKVDning buyrug‘i bo‘yicha qatag‘onga uchragan erkaklar qatorida ularning uy bekasi bo‘lgan ayollari ham qatag‘on girdobiga tortildi. Ular orasida ziyoli, jamoat arboblarining oila vakillari va rafiqalari ham bo‘lgan.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA