Avtomobillarga davlat raqamlari berilishidagi kamchiliklarga qachon chek qoʻyiladi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-iyuldagi qarori asosida mamlakatimizda 2017-yilning 1-sentyabridan boshlab avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega boʻlgan davlat roʻyxat raqamlarini oshirilgan toʻlov stavkalari boʻyicha, shu jumladan, kimoshdi savdosini oʻtkazish yoʻli bilan tanlash tartibi joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-iyuldagi qarori asosida mamlakatimizda 2017-yilning 1-sentyabridan boshlab avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega boʻlgan davlat roʻyxat raqamlarini oshirilgan toʻlov stavkalari boʻyicha, shu jumladan, kimoshdi savdosini oʻtkazish yoʻli bilan tanlash tartibi joriy etildi.
Bu yangilik aholi tomonidan iliq qarshi olindi, barchaga oʻzining imkoniyatiga qarab, oʻzi xohlagan xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega boʻlgan davlat roʻyxat raqamlarini tanlash va auksion orqali shaffof va raqobatdoshlik asosida xarid qilib olish imkoniyati yaratib berildi. Bir soʻz bilan aytganda adolat taʼminlandi.
Oʻz navbatida, ushbu tartib joriy etilishi natijasida Davlat byudjetiga qoʻshimcha mablagʻlar kelib tushishi taʼminlandi. Oʻtgan ikki yil mobaynida uning hajmi 250 milliard soʻm atrofida boʻldi.
Eng asosiysi, bu tartib joriy etilishi bilan sohada turli korrupsion va suiisteʼmollik holatlarga hamda aholining noroziligiga barham berilishiga erishildi.
Lekin bizning ayrim “ishbilarmon” shaxslarimiz tomonidan mazkur sohada boshqa yoʻllar orqali “ishni bitirish” holatlari “ixtiro“ qilindi.
Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan avtotransport vositalariga davlat roʻyxat raqamlarini berish amaliyoti yaqindan oʻrganilganida mazkur sohada bir qator kamchiliklar va muammolar borligi aniqlandi. Yaʼni, bugungi kunda auksion orqali sotilmaydigan ayrim davlat raqami belgilariga nisbatan aholida yuqori talab bor. Koʻzgusimon hamda ikkita ketma-ket bir xil raqamli (masalan 117, 171, 177, 272, 515, 717, 727 va hokazo) davlat raqami belgilari talabgir hisoblanmoqda.
Bunday turdagi davlat raqami belgilarini berishda shaffoflikning yoʻqligi, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan navbat asosida berish qoidasiga har doim ham rioya qilinmasligi, joylarda tanish-bilish, turli koʻrinishdagi “iltimos”lar orqali “ishni bitirishga” olib kelmoqda. Natijada korrupsiogen vaziyat yuzaga kelmoqda. Xususan, “chiroyli” davlat raqami belgilarini u yoki bu shaxsga berish tegishli boʻlinma masʼul xodimlarining xohish-istagiga bogʻliq boʻlib qolgan.
Mazkur masalani bartaraf etish va aholi oʻrtasidagi norozichilikni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan Ichki ishlar vazirligiga 3-marta tegishli qarorlar asosida takliflar kiritilgan.
Jumladan, davlat raqami belgilarini berish tizimini qayta koʻrib chiqish va qaysi fuqaroga qanday raqam berilishini kompyuter ixtiyoriga qoldirish, hamda “chiroyli” koʻzgusimon va talabgir raqamlarni kimoshdi savdosi orqali tanlash tizimini joriy etish boʻyicha takliflar berilgan edi.
Biroq, shu kunga qadar bu sohada hech qanday oʻzgarish kuzatilmadi. Hanuzgacha “falonchi aka” yoki turli “iltimos” orqali ishni bitirish amaliyoti saqlanib, rivojlanib kelinmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, sohada turli shubhalarga, korrupsion va suiisteʼmollik holatlariga sabab boʻlmoqda.
Barcha soha kabi ushbu sohada ham biz adolatni, shaffoflikni taʼminlamas ekanmiz rivojlanishda turli toʻsqinliklarga uchrayveramiz.
Umidjon SULAYMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi.