Avtomashinani olib qochgan talaba qamaldi
Farg‘ona viloyatida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida jinoyatlar salmog‘i kamayganicha yo‘q. Tashvishlanarlisi, jinoyat sodir etayotganlar orasida talabalar ham bor.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali talabasi N.Aning jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi.
Talabalikning oltin davrini ba’zilar qadriga yetmasdan noto‘g‘ri yo‘lni tanlashadi. Qo‘qon shahrilik yigit ham shunday bo‘ldi. U darsdan bo‘sh vaqtlarida Farg‘ona shahridagi avtomashinalar yuvish shoxobchasida ishlardi. Shoxobchada mijozning “Gentra” rusumli avtomashinasini yuvdirgani qoldirib ketganligidan foydalangani holda uni yuvib bo‘lgach, olib qochgan. Qo‘qon shahriga borib, u yerdagi oshxonaga avtomashinaning texnik pasportini garov evaziga qoldirgan. Shuningdek, mashina salonidagi qiymati qariyb olti million so‘mga yaqin bo‘lgan antiradarni talon-taroj qilib, sotib yuborgan. Olib qochilgan avtomashinani Marg‘ilon shahridagi istirohat bog‘i oldiga tashlab ketgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida avtomashina bog‘ oldida aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olingan.
N.A jinoiy harakatlarini davom ettirgani holda tanishi bo‘lgan qizning uyali telefonini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, 600 ming so‘mga sotib yuborgan. Bu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan. Talaba yigitning qilmishlariga chek qo‘yilib, tezkor tadbirlar natijasida jinoyati fosh etildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri