Avtomashinani olib qochgan shaxs topildi
Shaxsni tashqi qiyofa bilan identifikatsiya qilish tizimi orqali avtomashinani olib qochgan shaxs fosh etildi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 7 aprel kunidan 8 aprel kuniga o‘tar kechasi noma’lum shaxs qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga o‘tib, Buxoro shahar Cho‘lpon ko‘chasida yashovchi 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro K.B. ga tegishli bo‘lgan “Vaz 21013” rusumli avtomashinani boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan holda, avtotransport vositasini eshiklari ochiq va qarovsiz qoldirilganligidan foydalanadi. Natijada avtomashina ichida bo‘lgan kalit yordamida uni o‘t oldirib olib qochadi.
Ushbu avtomashinani Buxoro tumani Navro‘z mahallasi hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining Buxoro-G‘ijduvon yo‘nalishi 258-kilometriga yetganida, Buxoro tumani Xalq qabulxonasi binosi oldiga qo‘yib ketadi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limi xodimlari tomonidan tadqiqot qilish uchun taqdim qilingan video tasvirlar shaxsni tashqi qiyofa orqali identifikatsiya qilish tizimi orqali tekshirilganda, ushbu jinoyatni Shofirkon tumani Jo‘yrabod mahallasida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro X.U. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlanadi.
Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA