Avtomashinadan pul o‘g‘irlagan shaxs ushlandi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilning 28 yanvar kuni soat 07:00 dan 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs o‘g‘rilik sodir etib voqea joyidan yashiringan.
U Buxoro shahar M.Karim ko‘chasidan o‘tgan avtomobil yo‘li yoqasida qarovsiz qoldirilgan M.Payraviy ko‘chasida yashovchi fuqaro H.A. ga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashina eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, avtomashina old yo‘lovchi o‘rindig‘ida bo‘lgan ayollar sumkasi ichidan 1 million 70 ming so‘m naqd pulni o‘g‘irlagan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-son Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi (o‘g‘irlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro shahar Tinchlik ko‘chasida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro Ya.S. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan. Fuqarodan 115 ming so‘m naqd pullar va o‘g‘irlab olingan pullar evaziga sotib olingan “Huawey” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Hozirgi kunda tergov guruhi tomonidan fuqaro Ya.S.ga nisbatan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ushbu shaxsning boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolgan jinoyatlarga aloqadorligi o‘rganilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA