Avlodlarimiz aslo urush koʻrmasin...
Gʻofurjon Mirzayev 18 yoshga toʻlgan kunning ertasigayoq harbiy xizmatga chaqirildi.
Gʻofurjon Mirzayev 18 yoshga toʻlgan kunning ertasigayoq harbiy xizmatga chaqirildi. Bir oy serjantlar tayyorlash kursida tayyorgarlikdan oʻtdi. Oʻshanda 1944-yilning yozi edi, sovet armiyasi birin-ketin dushman qoʻshinlarini tor-mor etib, oldinga siljib borar edi.
Yosh askar 4-Ukraina fronti qoʻshinlari tarkibidagi oʻqchi qism askarlari safida Ukraina sarhadlarida ilk bora jangga kiradi. Oʻzini yoʻqotib qoʻymadi, shiddatli janglarda toblandi, bora-bora urush dahshatlariga koʻnikdi.
Ikki oydan soʻng u boʻlinma komandiri etib tayinlandi, janglarda koʻplab dushmanni yer tishlatib, jasorat namunalarini koʻrsatdi. Gʻofurjonning rus tilini yaxshi bilgani, janglardagi jasorati, askarlarni oʻz ortidan ergashtira olish salohiyati hisobga olinib, unga kichik leytenant unvoni berildi va vzvod komandiri oʻrinbosari etib tayinlandi.
U Rossiyaning Kaliningrad, Polshaning Lyubli, Krakov, Vroslav, Germaniyaning Drezden, Berlin shaharlarini, shuningdek, Chexiya poytaxti Pragani fashist bosqinchilaridan ozod etishdagi janglarda ishtirok etib, qahramonlik namunalarini koʻrsatdi. Qator orden va medallar bilan taqdirlandi.
– Fashistlar Germaniyasi tor-mor etilib, urush tugagani, urushda tirik qolganimizda quvonchimiz cheksiz edi, – deydi Gʻofurjon ota Mirzayev. – Oʻshanda Berlinda edik. Lekin xursandchiligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Adashmasam, 5 yoki 6-may edi, bizga yangi topshiriq berildi. Chexiya poytaxti Pragani fashistlardan ozod etish uchun yuboriladigan boʻldik. Janglarda shaxsiy tarkibimizning yarmidan koʻp jangchisi halok boʻlgan edi. Qismimiz yangi askarlar bilan toʻldirilib, navbatdagi jangga joʻnadik.
Pragani ozod etish uchun boʻlgan janglarda ham juda koʻp safdoshlarimizdan ayrildik. Allohga shukr, tirik qoldim. Peshonamga yashash yozilgan ekan. Urushdan keyin qancha-qancha ishlar qildim, bugungi tinch-farovon hayotni koʻrish ham nasib etdi.
Gʻofurjon Mirzayev urushdan keyin harbiy xizmatda qoldi. Lekin urush asoratlari uning salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Salomatligi yomonlashgani bois, 1952-yilda leytenant unvoni bilan isteʼfoga chiqarildi.
Harbiy xizmatdan qaytgach, Gʻofurjon Mirzayev Marhamat tumani ijroiy qoʻmitasiga ishga kirdi. Sirtdan Toshkent davlat yuridik institutida tahsil oldi. El-yurt ravnaqi yoʻlida 40 yildan ortiq mehnat qildi. U 1953-1996-yillarda tuman ijroiya qoʻmitasida boʻlim mudiri, masʼul kotib, rais oʻrinbosari vazifalarida samarali faoliyat yuritdi.
Gʻofurjon otani bilganlar unga fidoyi inson, degan taʼrifni berishadi. Chunki ota mehnatsevar, halol-pok, oʻz ishining fidoyisi, topshirilgan har qanday vazifani bekamu koʻst bajaradigan inson edi. U kattayu kichik bilan tezda til topisha olar, tashkilotchi, tashabbuskorligi, yordam soʻrab kelgan kishilarga imkon qadar koʻmak beradigan inson sifatida koʻplarning hurmat va eʼtiborini qozona olgan.
– Koʻp yillar xalq deputatlari tuman kengashi deputati boʻlib faoliyat yuritganman, – deydi otaxon. – Menga tegishli boʻlmagan hududlardan ham murojaatlar boʻlar edi. Hech qachon bu ish menga tegishli emas, demaganman. Imkoni boʻladigan biror masala ijobiy hal boʻlmagunicha uyga qaytmasdim.
Gʻofurjon Mirzayevning xizmatlari munosib baholanib, u turli yillarda koʻplab faxriy yorliqlar, orden va medallar bilan taqdirlangan.
Urushdan sogʻ-omon qaytib, koʻp yillar el-yurt ravnaqi yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qilgan Gʻofurjon ota bugun farzandlari, nabira va chevaralari, mahalladoshlari ardogʻida umr kechirmoqda.
– Bugungi tinch-dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi Gʻofurjon ota. – Urush faxriylariga yuksak ehtirom koʻrsatayotgan Prezidentimizga, xalqimizga rahmat. Har yili pul mukofotlari berilyapti, shifokorlar salomatligimizdan doimiy xabar oladi. Bundan koʻnglimiz togʻday koʻtariladi. Ilohim, avlodlarimiz aslo urush koʻrmasin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin.