Australian Open: Jokovich soʻnggi yarim finalchi
Melburnda davom etayotgan “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi yilning dastlabki musobaqasi – Avstraliya ochiq chempionatida hozirgina chorak finalning soʻnggi uchrashuvi oʻtkazilib, yarim finalning barcha ishtirokchilari maʼlum boʻldi.
Melburnda davom etayotgan “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi yilning dastlabki musobaqasi – Avstraliya ochiq chempionatida hozirgina chorak finalning soʻnggi uchrashuvi oʻtkazilib, yarim finalning barcha ishtirokchilari maʼlum boʻldi.
Erkaklar oʻrtasida jahonning birinchi raketkasi boʻlmish serbiyalik Novak Jokovich chorak finalda qitʼadoshimiz Kei Nishikoriga qarshi kortga tushdi. Uchrashuvni yaponiyalik raketka ustasi yomon boshlamagandi, ammo nomdor raqibi uning qarshiligini tezda sindirishga erishdi. Natijada birinchi set 6-1 hisobida Jokovichning foydasiga hal boʻldi. Bunga maʼlum darajada kunchiqar yurt vakilining jarohat olgani ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi.
Ikkinchi set ham uzoq davom etmadi. Beshinchi geymdan soʻng serb tennischisi 4-1 hisobi bilan oldinda borayotgandi. Eski jarohat Nishikoriga oʻyinni davom ettirish uchun imkoniyat bermadi va Novak yarim finalga yoʻl oldi. Qolaversa, ushbu gʻalaba serbiyalik tennischiga jahon reytingidagi peshqadamlik mavqeini saqlab qolish imkonini ham berdi. Endi Jokovichning ATR reytingidagi asosiy raqibi Rafael Nadal Avstraliya ochiq chempionatida gʻolib chiqqan taqdirda ham serb tennischisini quvib oʻtolmaydi.
Avstraliya ochiq chempionatining yarim finalida Novak fransiyalik Lyuka Puyga qarshi kortga tushadi. Ikkinchi juftlikda musobaqa kashfiyotiga aylangan grek tennischisi Stefanos Sitsipas jahonning sobiq birinchi raketkasi, hozirgi reytingda esa 2-oʻrinni egallab turgan ispaniyalik Rafal Nadal bilan kuch sinashadi.
Ayollar oʻrtasida oʻtayotgan musobaqalarda yarim finalga ikki chexiyalik tennischi Petra Kvitova hamda Karolina Plishkova, shuningdek yaponiyalik Naomi Osaka hamda musobaqadagi ishtirokini davom ettirayotgan yagona AQSH vakili Daniel Kollinslar yoʻl olishdi. Final yoʻllanmasi uchun Plishkova yapon tennischisiga qarshi bahs olib borsa, Kvitova amerikalik raketka ustasi bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oladi.
Eslatib oʻtamiz, Avstraliya ochiq chempionati bahslari 27 yanvar kuni yakunlanadi.