Atrof-muhitni muhofaza qilish faqatgina hukumatning vazifasi emas...
Bugungi kunda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va kelajak avlodga sog‘lom muhit qoldirish har qachongidan ham dolzarb masalaga aylanmoqda. Jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashish uchun jiddiy choralar ko‘rayotgan bir paytda, O‘zbekiston ham strategik maqsadlarini belgilab, amaliy islohotlarga kirishdi.
Davlatimiz rahbari atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab kelmoqda. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va davlat dasturlarida ekologik muammolarni hal etish, cho‘llanishning oldini olish, havo va suv resurslarini muhofaza qilish, shahar va qishloqlarni yashil hududlarga aylantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Buning amaliy tasdig‘i sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Loyiha doirasida har yili 200 milliondan ortiq daraxt va ko‘chat ekilib, shahar va qishloqlar yashil hududlarga aylantirilmoqda. Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish maqsadida energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi manbalarga asoslangan shaharsozlik rivojlantirilmoqda.
Ekologik muammolarni hal etishda davlat bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ham muhim rol o‘ynaydi. Ular jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, ekologik qonunchilik ijrosini kuzatish, jamoatchilik fikrini shakllantirish va davlat organlari bilan muloqot o‘rnatishda faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, aholini atrof-muhit muhofazasiga jalb qilish, ekologik ong va madaniyatni shakllantirish orqali ekologik ma’rifatni oshirishga hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda jahon miqyosida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha bir qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Yevropa Ittifoqi 2050 yilga borib uglerod neytralitetini ta’minlashni maqsad qilgan bo‘lib, bu iqlim o‘zgarishining oldini olish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 10 million gektar o‘rmon yo‘q qilinadi. Bu hudud bo‘yicha ayrim yirik davlatlar hududiga teng bo‘lib, bunday katta miqyosdagi yo‘qotishlar ekologik muvozanatga jiddiy tahdid soladi va global iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli jahon hamjamiyati o‘rmonlarni saqlab qolish va qayta tiklashga katta e’tibor qaratmoqda.
Bir trillion daraxt loyihasi (Trillion Tree Initiative) dunyo bo‘ylab 2030 yilga qadar bir trillion daraxt ekishni ko‘zda tutadi. Bu tashabbus iqlim o‘zgarishini sustlashtirish, atmosferadagi SO2 miqdorini kamaytirish va biologik xilma-xillikni saqlab qolishga qaratilgan. Shuningdek, “Yashil devor” loyihasi doirasida Afrika qit’asida Saxara cho‘lining tarqalishini oldini olish maqsadida 8000 kilometr uzunlikda daraxtzorlar barpo etilmoqda. Bu loyiha nafaqat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, balki mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga ham xizmat qiladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yashil muhit inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, stress darajasini kamaytirishga yordam beradi. Demak, ekologik tashabbuslar faqat tabiatni asrab-avaylash emas, balki inson salomatligi va jamiyat farovonligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Daraxt ekish, yashil hududlar barpo etish kabi tashabbuslarni faqat davlat yoki ayrim fuqarolar emas, balki xususiy sektor va jamoat tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlashi zarur. Bu esa ekologik barqarorlikni ta’minlashda davlat va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish – faqat hukumatning vazifasi emas, balki har bir insonning mas’uliyatidir. Har birimiz o‘z hissamizni qo‘shib, yurtimizni gullab-yashnayotgan, obod va ekologik barqaror mamlakatga aylantirishga hissa qo‘shishimiz kerak!
Eldor Tulyakov,
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori