Atrof-muhitni asrash burchimiz va vazifamizdir
Bugungi kunda tabiatni asrash va barqaror rivojlanish masalalari butun dunyo mamlakatlari uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda. Jahon miqyosida iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar va tabiiy resurslarning kamayishi insoniyatning yashash tarziga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bunday vaziyatda O‘zbekistonda 2025 yilga “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb nom berilgani mamlakatning barqaror rivoji, ekologik vaziyatni yaxshilash yo‘lida muhim qadam sifatida qabul qilingan qaror hisoblanadi.
Mazkur tashabbus yurtimizda ekologik muvozanatni tiklash, barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholining hayot sifati yaxshilanishini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Zero, tabiat insoniyatning eng bebaho boyligi bo‘lib, uni asrash jamiyatning rivojlanish darajasini belgilovchi muhim omillardandir.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabrigida ham “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yilida inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratish asosiy maqsadlarimizdan bir ekanligi alohida qayd etib o‘tildi.

Tan olish kerak, so‘nggi yillarda dunyoda ekologik muvozanat buzilishi kuzatilmoqda, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar hajmi ortmoqda, o‘rmonlar kesilmoqda, suv resurslari ifloslanmoqda. Bu esa nafaqat tabiat, balki inson salomatligiga ham jiddiy xavf solib keladi. O‘zbekiston ham ushbu global muammolardan mustasno emas. Markaziy Osiyoda ekologik inqirozning eng yirik ko‘rinishi Orol dengizining qurishi bo‘ldi. Ushbu hodisa hudud iqlimiga, qishloq xo‘jaligi va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
2025 yilning Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilinishi mamlakatimizning ekologik barqarorlikka bo‘lgan yondashuvini aks ettiradi. Bu tizim tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitga zarar yetkazmaslikni maqsad qiladi. O‘zbekistonning geografik joylashuvi va tabiiy resurslar salohiyatini hisobga olganda, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish imkoniyatlari juda keng.
Mamlakatimizda quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha katta loyihalar amalga oshirilmoqda. 2025 yil davomida shamol energetikasi va chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. “Yashil iqtisodiyot” O‘zbekistonda nafaqat ekologik muvozanatni tiklash, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyotni yanada samarali qilish imkonini beradi.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili munosabati bilan Davlat dasturi ishlab chiqiladi. Ushbu yil davomida amalga oshiriladigan ishlar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki aholining farovon hayot kechirishi uchun mustahkam asos ham yaratadi.
Atrof-muhitni asrash faqat davlatning vazifasi emas, har bir fuqaroning burchidir. Har birimiz tabiatni sevib, uni himoya qilishda faol bo‘lsak, mamlakatimizni yashash uchun yanada qulay va ekologik xavfsiz yurtga aylantira olamiz. Bu esa farzandlarimizga sog‘lom va go‘zal kelajak qoldirishimiz uchun muhim asos bo‘ladi.
Alijon Jalilov,
“Yuksalish” xalqaro harakatining
Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA