Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas’ulmiz
«O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatiga respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab korxona qoshida tashkil etilgan muzeyda bo‘lib, korxonaning ilk faoliyatidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi hamda ishlab chiqarilgan mahsulot turlari bilan tanishdi.
Press-tur davomida ishtirokchilar zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlarining ham yaqindan guvohi bo‘ldi. Shundan so‘ng “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas’ulmiz!” shiori ostida tashkil etilgan ko‘kalamzorlashtirish loyihasi doirasida daraxt va manzarali ko‘chatlar ekildi. Unda korxona ishchi-xodimlari bilan birga jurnalistlar ham ishtirok etdi.
Aytish kerakki, mazkur loyiha davomida “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi barcha korxona-tashkilotlar tomonidan respublika miqyosida 62 ming 500 dona manzarali daraxt, 1 ming 200 ga yaqin mevali daraxtlar va 81 mingdan ortiq manzarali ko‘chatlar hamda gullar ekildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA