Astronavtlar ishtirokida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda
Toshkent shahrida xalqaro “Space Technology Conference – Central Eurasia (STC) 2026” anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Anjuman Markaziy Yevroosiyoda kosmik sohani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Unda 30 dan ortiq davlatdan 400 nafarga yaqin delegat ishtirok etmoqda.
Tadbir “O‘zbekkosmos” agentligi mezbonligida o‘tkazilib, xalqaro tashkilotlar va yirik kompaniyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Dastur doirasida kosmik sohadagi so‘nggi innovatsiyalar, milliy dasturlar taqdimoti, panel muhokamalar va biznes uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
[gallery-28474]
E’tiborli jihati shundaki, anjumanda xalqaro miqyosda tanilgan astronavtlar ham ishtirok etmoqda. Jumladan, Axiom Space astronavti va NASA’ning sobiq astronavti Maykl Lopes-Alegriya hamda Turkiyaning ilk astronavti Alper Gezeravji tadbir mehmonlari sifatida qatnashmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur anjuman mintaqada kosmik hamkorlikni yanada kuchaytirish va yangi innovatsion loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA