“Asr falokati”ga bir yil bo‘ldi (+video)
Turkiyadagi zilzila 50 mingdan ziyod insonni hayotdan olib ketdi. Ayni paytda vayronaga aylangan shaharlar qayta barpo etilmoqda.
Turkiya, ayniqsa Istanbul seysmik hodisalarga bardosh berish nuqtai nazaridan dunyodagi eng zaif shaharlardan biri deyiladi. Shu mavzuga oid ma’lumot qidirish asnosida 15 yilcha oldin – 2009 yil yozilgan bir ilmiy maqola e’tiborimizni tortdi.
“Istanbulning ikki tumanida seysmik xavf va ta’sirni yumshatish bo‘yicha tadqiqot” nomli maqolada seysmologlar shunday fikr bildirgan: Keyingi 30 yil ichida Turkiyada kuchli zilzila ehtimoli, taxminan, 40 foizni tashkil qilgan. Afsuski, mamlakat hududining 96 foizi zilzila xavfi ostida, aholining 98 foizi esa zilzilaga moyil hududda istiqomat qiladi.
Oradan 15 yil o‘tgach, Turkiya seysmologiya markazi ma’lumot berdi: 2023 yil 6 fevral, dushanba. Qishning sovuq kunida ko‘plab qardoshlarimiz oromini buzgan mudhish voqea ro‘y berdi. Mamlakatda 7,7 va 7,6 magnitudali kuchli yer silkinishi qayd etildi.

Butun dunyo e’lon qilingan dastlabki ma’lumotning o‘zidayoq vaziyat ancha jiddiy ekanini angladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat departamenti zilzila Qahramonmarash viloyatida mahalliy vaqt bilan soat 04.17da 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng yer silkinishi yarim soat davomida turli hududlarda – 11 viloyatda kuzatildi.
Qahramonmarash, Malatya, Shonliurfa va Gaziantep viloyatlarida vayronagarchilik ko‘p bo‘ldi. Ko‘p qavatli uylar quladi. Afsuski, minglab insonlar halok bo‘ldi, millionlab odamlar qahraton qishda uyidan ayrildi. 11 shahar-viloyatni umuman yashab bo‘lmaydigan holatga keltirdi. Infratuzilma – yo‘l, fabrika, maktab, shifoxona, bozor va ish idoralari vayron bo‘ldi.
Sport musboqalari qoldirilgani, o‘quvchilar ta’lim olishdan to‘xtaganini gapirib o‘tirishning ham hojati yo‘q. 124 tuman, 7 mingga yaqin qishloq va mahalla vayronaga aylandi, 14 million fuqaro tabiiy ofatdan bevosita jabr ko‘rdi. Kuni kecha Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar O‘zAga bergan intervyusida o‘sha kunlarni chuqur qayg‘u bilan esga oldi.

– Turkiyada, darhaqiqat, ketma-ket ikki marta kuchli zilzila ro‘y berdi. Bu tabiiy ofat 50 mingdan ziyod fuqarolarimizni hayotdan olib ketdi. 110 ming inson jarohatlandi. Bir kuning o‘zida ro‘y bergan, o‘ta vayronkor xususiyatga ega mazkur voqeaga “Asr falokati” deb nom berdik, – deydi elchi.
Olib borilgan tadqiqot natijasida tabiiy ofat Turkiyaga 149 milliard dollar zarar keltirgani aniqlandi. Ha, bu jiddiy raqam, yalpi ichki mahsulotning 10 foizidan ko‘proq miqdor.
Janob Olgan Bekar qulagan turar joy soni 580 ming, turli binolar soni 170 ming, jami 850 ming mustaqil inshoot vayron bo‘lganiga e’tibor qaratishni so‘radi. Bu qator Yevropa mamlakatlari turar-joy va tijorat binolari umumiy sonidan ham ko‘p.
Kuzatayotgan bo‘lsangiz, Turkiyada so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar halokatli oqibatlarga olib kelmoqda, minglab qurbonlar, katta iqtisodiy yo‘qotishni yuzaga keltirmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri – qurilishdagi noto‘g‘ri amaliyot!, deya talqin qilinyapti. Izlanishlar ko‘rsatdiki, shaharlardagi aksariyat binolar 4-6 qavat, o‘zagi temir-beton ramka. Tartibsiz konstruktiv tizim, sifatsiz qurilish materiallari ishlatilishi eng ko‘p tarqalgan kamchilik sifatida ko‘rsatiladi.

Yomon voqeani eslash-ku yaxshi emas, ammo zilzila nimaligini toshkentliklar yaxshi biladi. 1966 yil aprel oyida Toshkentda yuz bergan yer silkinishi asoratini tugatish, avvalgiga qaraganda mustahkam, chidamli, chiroyli uylar barpo etish uchun sabr-toqat, mehnatning o‘zi yetarli emas. Og‘ir kunda do‘sting bo‘lgani yaxshi.
Turkiya Respublikasining bir necha hududida sodir bo‘lgan kuchli zilzila tufayli millionlab insonlar halovati yo‘qolganiga jahon ahli shunchaki qarab turolmadi. Dunyoning turli davlatlaridan insonparvarlik yordami, tezkor qutqaruv tarkibi safarbar etildi. Qardosh turk xalqi boshiga tushgan falokat O‘zbekiston hukumatini ham befarq qoldirmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Turkiyaga insonparvarlik yordami va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv-qutqaruv bo‘linmalari jo‘natildi, 18 kun davomida zilzila o‘chog‘i – Xatay viloyatida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borildi. Qutqaruvchilarimiz uchun ilgari bunday xodisa real hayotda, amaliyotda kuzatilmagan bo‘lsa-da, ular malakasini ko‘rsatgan holda vayronalar ostidagi 18 nafar insonning hayotini saqlab qoldi. Afsuski, 200 ga yaqin kishining jasadi olib chiqildi.

– 7 fevral kuni tong payti FVVning yuz nafar qutqaruvchisi 3 ta maxsus texnika va 4 bosh kinologiya xizmati itlari bilan yetib bordi. Xatay viloyati Ovakent shaharchasi AFAD ma’muriy binosi joylashgan hududdagi ochiq maydonda 6 ta chodir o‘rnatildi, – deydi Maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazi boshlig‘i Ismoil Sharipov. – Yurtdoshlarimiz insonparvarlik tadbirida uyushqoqlik, yuqori malaka bilan tezkor harakat qilishda 75 dan ziyod yetakchi davlatlar vakillari orasida Vatanimiz bayrog‘i ostida halokatli ofat qarshisida mardonavor turib, xalqaro miqyosda O‘zbekistonning obro‘sini ko‘tarishga erishdi.
Bir voqea hech esimizdan chiqmaydi. O‘zbekistonlik qutqaruvchilar zilziladan 102 soat o‘tib, 32 yoshli Turkiya fuqarosi Naim Bayaslini tirik holda vayrona ostidan qutqarib olgani keng jamoatchilik e’tiborini tortgan edi. Suhbat jarayonida FVV Suvda qutqaruv otryadi guruh komandiri Davlat Ochilov Naimning ahvoli bilan qiziqayotgani, imkon bo‘lsa, telefon orqali suhbatlashish istagi borligni aytdi.

Yangi yilni g‘amgin boshlagan Turkiya jahon hamjamiyatini, turli xalqaro tashkilotlarni birlashuvga chaqirdi. Dunyo ahli XXI asrda kuzatilgan eng dahshatli voqeaga guvoh edi, guyo... Mintaqalarda xavotir susaymadi, yana zilzila kuzatiladi, degan sarosima kuchaydi. Zero, shu kunlari Nyu-York shimoli-g‘arbida so‘nggi 40 yildagi eng kuchli zilzila qayd etildi. Iroq, Suriya va Livanning ayrim hududlarida yer qimirlab turdi.
Antoniu Guterrish “Asr falokati”ni “zamonamizning eng yirik tabiiy ofatlaridan biri” deb izohladi. BMT Bosh kotibi xalqaro hamjamiyatni Turkiya tomonidan millionlab qochqinlarga berilgan yordam, “qo‘llab-quvvatlov va saxovat uchun” endi Turkiya va Suriya xalqi bilan birdam bo‘lishning ayni vaqti ekanini ta’kidladi. Davlat rahbarlari Rejep Tayyip Erdog‘anga dalda berib turdi.
Jumladan, Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidentiga ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafot ko‘rilgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi. O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, qardoshlarimizni yana bir bor qo‘llab-quvvatladi. Axir, do‘st og‘ir kunda bilinadi, boshingga kulfat kelganda, sen bilan yoningda bo‘ladi, degani bor gap. Bir so‘z bilan aytganda, keng qamrovli tabiiy ofat, halokatli hodisalar biz uchun sinov. Bunday sinovlardan jipslashib, birdamlik va hamjihatlikda o‘tish mumkin.

– Ota yurtimiz atalmish zamin – O‘zbekiston zilzila xabarini oliboq, darhol harakatga tushdi, – deydi elchi. – 6 fevraldayoq Prezident Shavkat Mirziyoyev qardoshi Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali gaplashdi. O‘zbekistondan tibbiyot jamoalari, qidiruv-qutqaruv guruhlari yo‘lga chiqdi. Elchixona Toshkentda yordam aksiyasiga bosh bo‘ldi. Turli vazirliklar ishtirokida butun O‘zbekiston bo‘ylab ko‘mak yig‘ish aksiyasi yo‘lga qo‘yildi.
Turkiyalik diplomat yirik tadbirkorlar ham moddiy yordam yuborib turganidan mamnunligini ma’lum qildi. “Bu sa’y-harakatlarning barchasidan elchixona xabardor. Shu bilan birga, Toshkentdan yetib borib uysiz qolganlarni issiq ovqat bilan ta’minlaganlar ham bo‘ldi. O‘sha payt bunga ehtiyoj bor edi”, deya vaziyatni shahrlaydi O.Bekar.
Darhaqiqat, o‘zbek va turk xalqlari yaxshi-yomon kunda hamisha birga bo‘lgan, bir birini qo‘llagan. Do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro yelkadoshlik, ayniqsa, og‘ir kunda bilindi.
– Oradan bir yil o‘tdi. To‘g‘ri, o‘shanda tezkor choralar ko‘rishga harakat qilindi, ko‘plab qardoshlarimiz ko‘chirildi. Hozir ularning ahvoli qanday?
“Konteyner-kent”lar barpo etilgan edi. 1,9 million inson yaqin kunlargacha konteynerlarda yashadi va haligacha yashayotganlar bor. Hozir 345 ta shunday shaharchada tashkil etilgan 186 ming konteynerda 580 ming fuqaro kun kechiryapti. Turar-joy barpo etish jadal davom etmoqda. 307 ming uy tiklanishi tezlashtirilgan. 210 ming bino esa fuqarolar so‘roviga binoan o‘z o‘rnida, albatta, mahalliy idoralar nazorati ostida qayta qurilmoqda.

Mamlakatda bir yil ichida ko‘p ish amalga oshirildi. Erdog‘an rahbarligidagi Turkiya jumhuriyati eng ko‘p talofat ko‘rgan viloyatlarda yangi uy-joy, sport majmualari qurdi. Masalan, birgina Xatay viloyatini olaylik. Hudud zilzila qurbonlari va vayron bo‘lgan binolar bo‘yicha eng ko‘p zarar ko‘rdi. Shu bois barpo etilgan uy-joy uchun qur’a tashlash va g‘oliblarga kalitlarni topshirish marosimi aynan Xataydan boshlandi.
Kuni kecha “Asr falokatidan asrlar birligigacha” shiori ostida zilzilada uy-joyidan ayrilgan eng muhtoj fuqarolarga Rejep Tayyip Erdog‘anning o‘zi xonadon kalitlarini topshirdi. Oilalar hududda qurila boshlangan 46 ming uydan birinchi bosqichda 7275 xonadonga ko‘chib o‘tishni boshladi. Yil oxirigacha xatayliklarga 200 mingta uy topshiriladi.
– Hozir O‘zbekiston hukumati Xatayda 4 qavatli 306 ta turar-joy binosi quryapti, – deydi Favqulodda va muxtor elchi. – Qurilish yakunlangach, fuqarolarimiz bejirim uylarga ko‘chib o‘tadi. Xonadonlar ehtiyojmandlarga beg‘araz beriladi. Marosimni o‘zbekistonlik jurnalistlar ishtirokida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Aslida zilzila tabiatda sodir bo‘ladigan eng xavfli hodisalardan biri. YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, zilzila yuzaga keladigan iqtisodiy zarar va insonlar halokati bo‘yicha tabiiy ofatlar ichida birinchi o‘rinni egallaydi.
Ilmiy ma’lumot, maqolalarga asoslanadigan bo‘lsak, seysmik faollik kuzatiladigan joylarda zilzila ma’lum qonuniyatga asoslangani, o‘z davriyligiga ega ekaniga amin bo‘lamiz. Halokatli zilzilalar vohada har 100 yilda bir marta kuzatilishi olimlar tomonidan aniqlangan. Toshkent zilzilasining dahshati hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Bir asrda bir marta yuz berishi isbotlangan eng xavfli tabiiy ofat o‘tgani rost bo‘lsin.
Xulosa qilib aytganda, mudhish voqea butun millatni birlashtirdi. Nafaqat Turkiya xalqi, balki Turkiy xalqlarni jipslashtirgan zilzila talofat ko‘rgan xalq davlatiga, davlat esa xalqiga suyanib, og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy sharoitdan chiqib ketishni o‘rgatdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/erC0Zdxr-ZY" title=""Asrın Felaketi"nin Üzerinden Bir Yıl Geçti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Butun dunyo hamjamiyati o‘z xalqiga qanday qilib insonparvarlik yordamini berish, favqulodda vaziyatda xalq bilan birga bo‘lish, xalqning keyingi hayotini, kelajagini tiklash uchun tezkor chora ko‘rishni Turkiyadan o‘rgandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu kulfat har qanday davlat, xalq, millatning boshiga tushishi mumkin. Turkiyadagi voqealar hamisha bir tan-u, bir jon bo‘lib, yelkama-yelka harakat qilish eng oqilona yo‘l ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Qardosh Turkiya boshiga tushgan sinov hech birimizni befarq qoldirmadi. O‘zbekiston va Turkiya do‘stligi abadiy. Nima bo‘lganda ham, o‘t balosidan, suv balosidan yaratganning o‘zi asrasin.
Ko‘p yillik tarixga ega qardosh O‘zbekiston va Turkiya do‘stligi madaniyat, urf-odat va an’analardagi yaqinlik, mushtaraklikka asoslangan. Dinimiz bir, tilimiz o‘xshash, bir otaning farzandlaridekmiz.
O‘zA muxbiri Behruz XUDOYBERDIEV tayyorladi.
Yoqubjon Meliboyev va Asliddin Alijonov (video), O‘zA