Asosiy stavka 14 foiz darajasida saqlab qolindi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, mamlakatda umumiy inflyatsiya pasayish tendensiyasini saqlab qolmoqda va yil yakuniga borib 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, narxlar barqarorlashuv jarayonining sekinlashishi hamda tashqi iqtisodiy omillar ta’sirining kuchayishi kuzatilmoqda.
2026-yil mart oyida yillik inflyatsiya 7,1 foizgacha pasaydi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar ma’lum darajada yuqori saqlanib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy faollikning oshishi, yuqori yalpi talab hamda tashqi bozorlardagi noaniqliklar sharoitida inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish uchun qat’iy pul-kredit siyosati davom ettirilishi zarur.
Joriy yilning birinchi choragida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,7 foizga o‘sdi. Bunda xizmatlar, savdo va qurilish sohalaridagi faollik iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘ldi. Shu asosda 2026-yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozi 7–7,5 foizgacha oshirildi.
Tashqi iqtisodiy muhitda geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib, jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi xavfi saqlanib qolmoqda. Bu esa kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin.
Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanishi hamda eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining ortishi ichki valyuta bozori barqarorligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Markaziy bank kelgusida inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Zarur hollarda pul-kredit siyosati qat’iylashtirilishi mumkin.
Qayd etilishicha, Markaziy bankning asosiy maqsadi inflyatsiyani 5 foizgacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishdan iborat.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 17-iyun kuniga belgilangan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA