Asosiy maqsadimiz – bitiruvchilarni kafolatli ishga joylashtirish
Aks-sado
Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlab, rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim sifatini oshirib, Yangi O‘zbekiston uchun munosib kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 8 avgustida Prezidentimiz ishtirokida bo‘lib o‘tgan oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda ham oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, kadrlar tayyorlash tizimini sohalar ehtiyojiga moslashtirish, oliy ta’limni real iqtisodiy jarayonlarga yanada yaqinlashtirish masalalari muhokama etilib, yangi g‘oyalar ilgari surilgani oliy ta’limning imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Oliy ta’limda qabul keyingi yetti yilda 4,5 barobar oshirildi. Qamrov 42 foizga yetdi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, bakalavriat va magistratura dasturlari xalqaro standartlar asosida qayta ishlab chiqildi. Xalqaro nufuzli universitetlar bilan hamkorlikda qo‘shma fakultetlar va dasturlar ochildi. Talabalar va o‘qituvchilar uchun xorijda tahsil olish, ya’ni akademik mobillik imkoniyati kengaytirildi. Fan va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun universitetlar negizida innovatsion markazlar va ilmiy laboratoriyalar tashkil etildi. Yosh olimlar va izlanuvchilarga davlat grantlari va loyihalar uchun mablag‘lar ajratilib, ilmiy maqolalarni xalqaro jurnallarda chop etish uchun rag‘batlantirish mexanizmlari yaratildi.

Davlatimiz rahbari qayd etganlaridek, biroq hali ham oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilayotgan mutaxassisliklar bilan iqtisodiyotning real sektori talab qilayotgan kasblar o‘rtasida katta tafovut bor. Bitiruvchilarning ayrimlari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylasha olmayotir. Ba’zi korxonalar malakali kadrlarni chetdan jalb etishga majbur bo‘lmoqda.
Surxondaryo viloyatidagi Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Prezidentimizning oliy ta’limda amalga oshirayotgan izsil islohotlari mevasidir. Tashkil etilganiga shu yil besh yil bo‘lgan institutda to‘rtta fakultet va 16 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 24 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 12 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qariyb 8 ming talaba o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida yoshlarga uch yuzga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berayotir. Ularning 9 nafari fan doktori (DSs), 71 nafari fan nomzodi (PhD), ikki nafari professor, 29 nafari dotsent, 68 nafari katta o‘qituvchi, 147 nafari assistent o‘qituvchi. Ilmiy salohiyat 27 foizni tashkil etmoqda.
Institut professor-o‘qiuvchilarining salohiyatini oshirish uchun 17 ta ixtisoslik bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim tayanch doktoranturada 66 nafar va mustaqil izlanuvchilikda 153 nafar tadqiqotchi ilmiy izlanish olib bormoqda. Shu yilning birinchi choragida yetti nafar tadqiqotchi falsafa doktori va ikki nafar fan doktori ilmiy darajasini himoya qildi. Yil oxirigacha yana 35 ta ilmiy ish himoya qilinib, institut ilmiy salohiyati 35 foizdan oshiriladi. Hozir davlat ilmiy loyihalari hisobidan 902 million so‘mlik bitta innovatsion loyiha bajarilmoqda. Yana oltita amaliy va innovatsion loyihalar davlat ilmiy loyihalari tanlovida ishtirok etish uchun taqdim etilgan.
Ayni paytda institut kafedralari viloyatdagi qator yirik korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bunda talabalar ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita jalb etilib, nafaqat nazariy bilimlarini, balki amaliy tajribalarini ham orttirmoqda. Bu bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardosh va yetuk kadr sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutmoqda.
Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanayotgan bizning davrimizda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ham raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda institut 80 dan ortiq xorijiy davlat universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolab, o‘quv jarayoni hamda ilmiy-tadqiqot sohasini yuksaltirishga yo‘naltirdi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Oltoy davlat universiteti bilan imzolangan (1+1) magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi doirasida 20 nafar magistrant tahsil olmoqda. Qatar, Turkiya, Xindiston, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan ham hamkorlik aloqalarimiz kengaymoqda. Hamkorlikdagi dasturlar asosida so‘nggi uch yilda 125 nafar professor-o‘qituvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida stajirovkada bo‘lib qaytdi. Institutda talabalarga 40 ga yaqin xorijlik o‘qituvchi saboq bermoqda. O‘ttizga yaqin chet ellik talaba o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha ta’lim olayotir. Bo‘lg‘usi yetuk mutaxassislarimiz rus, koreys, hind, tojik, turk o‘quv markazlarida chet tillarini o‘rganayapti. Rossiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Indoneziya, Turkiya, Tojikiston singari davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan talabalar almashinuvi yaxshi yo‘lga qo‘yilmoqda. Institut Buyuk ipak yo‘li universitetlari tarmog‘iga a’zo bo‘ldi.
Oliy ta’limda yuz berayotgan yangilanishlar tashkilot va korxonalarga malakali tayyor mutaxassis yetkazib berish barobarida bitiruvchilarning mustaqil biznes boshlashiga ham ko‘maklashishga qulay muhit yaratdi. Endilikda “Karera markazi”, “Biznes inkubator” va innovatsion loyiha laboratoriyalari orqali talabalar va yosh tadbirkorlar o‘z g‘oyalarini ishlab chiqib, ularni tijoratlashtirmoqda.
Yuksalish yo‘lida izchil odimlayotgan mamlakatimizga raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun ta’lim sifatini yanada oshirib, tarmoqlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish ko‘lamini kengaytirishni rejalashtirib oldik. Xalqaro loyihalarda ishtirok etib, xorijiy investitsiyalar, grant va beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilishga, barcha ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning xorijiy oliy o‘quv muassasalarida qisqa va uzoq muddatlik ta’lim olishlarini yo‘lga qo‘yishga, barcha bitiruvchi talabalarning mutaxassislik diplomi bilan birga milliy sertifikat hamda til bilishning xalqaro sertifikatiga ega bo‘lishlarini ta’minlashga e’tiborni kuchaytirayapmiz. Bu jarayonda bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kafolatli ishga joylashuvi asosiy vazifamiz bo‘ladi.
Oybek Ro‘ziyev,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori.
O‘zA