Asosiy maqsad – raqobatbardosh kadrlar tayyorlash
Nordik xalqaro universitetida “Raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasini takomillashtirish istiqboli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi mas’ullari, Finlyandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti rahbariyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyati vakillari, fan va jamoat arboblari, respublikamiz oliy ta’lim muassasalari olim, mutaxassislari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar bugungi kunda ta’lim sifatini, yetishtirilayotgan kadrlar har jihatdan raqobatga tayyor bo‘lishini ta’minlash, metodikani zamon talabi asosida tubdan takomillashtirib borishda ilg‘or xorijiy tajriba asosida milliy tajribaga yangilik kiritish, mehnat bozorini har jihatdan to‘g‘ri tahlil qilish orqali strategik reja va maqsadni yangilab borish ustuvor vazifa ekani e’tirof etildi. Shu ma’noda, ushbu konferensiya ilmiy ahamiyatga ega qimmatli ma’lumotlarni almashishda qo‘l keladi.
Kareliya amaliy fanlar universiteti rektori Petri Raivo ishtirokchilarni ta’lim va tadbirkorlik integratsiyasi borasidagi fin tajribasi bilan tanishtirdi.
Ishtirokchilar tizimdagi islohot jarayoniga, pedagogik oliy ta’lim muassasalaridagi raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga oid mavjud muammolarga to‘xtalib, qiziqarli takliflarni ilgari surdi.
Xalqaro konferensiya doirasida 3 ta sho‘’ba yig‘ilishida olti xil dolzarb mavzu keng tahlil etildi. Sifatga yo‘naltirilgan ilg‘or xorijiy metodika, inklyuziv ta’lim zarurati, tendensiya va istiqbol muhokama qilindi.
– Bugungi anjuman dasturidan o‘rin olgan ma’ruzalar orqali fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga doir batafsil ma’lumot taqdim etildi, o‘zaro bilim, tajriba va fikr almashildi, – dedi Nordik xalqaro universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafoqulov. – Soha faollari ta’lim rivojini yanada jadallashtirish, dolzarb muammolarni o‘rganish, istiqbolli maqsadlarni ilgari surish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.
Yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining 500 dan ziyod olimi, 50 nafarga yaqin xorijiy tadqiqotchi konferensiya to‘plamiga o‘z ilmiy maqola va tezislarini taqdim etdilar. “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda anjuman doirasida nashr etilgan maqola va tezislardan dunyoning turli nuqtalaridagi tadqiqotchilar erkin foydalanishi imkoni yaratildi.
[gallery-14717]
Materiallar Polshaning “Indeks Copernikus”, Evropaning “Zenodo va Open Aire”, Rossiyaning “Cyberlinenka”, Angliyaning “EuroPub” xalqaro ilmiy bazalariga joylashtirildi, “Google akademiya” xalqaro ilmiy qidiruv tizimida indekslandi.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA