Aslida ochkoʻzlik - koronavirusdan ham battar kasallikdir
Xoʻsh, bu katta nuqsonlarimiz, noqisliklarimiz nimalarda koʻrinadi?
Yer yuzida koronavirus balosi olovday oʻz otashini sochib turgan va minglab begunoh insonlar qirilib ketayotgan bugungi kunda Ramazon oyining kirib kelayotgani, xaloskor kunlarning kirib kelayotganiday odamning qalbiga ravshanlik, yorugʻlik va umid bagʻishlaydi. Shoyad, koʻproq toat ibodat, tavba tazarru qilsagu Olloh taolo barcha gunohlarimizni, ayblarimizni, xatolarimizni, oshkor va yashirin jinoyatlarimizni, osiyliklarimizni kechirsa. Noshukur va isyonkor chogʻlarimiz uchun jazoning bahridan oʻtsa, taltaygan chogʻlarimiz uchun afa etsa.
Xoʻsh, bu katta nuqsonlarimiz, noqisliklarimiz nimalarda koʻrinadi?
Olloh taolo butun Yer yuzini oʻzining habibi, sarvari koinot Muhammad mustafo s.a.v. uchun yaratdi va barcha odamlarni oʻzining bandasi ekanligini anglatuvchi Qurʼoni karimni nozil qildilar.
Muhammad s.a.v. hayotlari bizga oʻrnak. Rasululloh s.a.v hayotlarining har bir lahzasida Olloh taolo yodi bilan yashadi, toat ibodatda boʻldi, Olloh buyurgan ishni qildilar, Olloh qaytargan ishdan qaytdilar. Paygʻambarimiz qavmning ulugʻlaridan Abu Tolibning xonadonlarida tugʻilib, dunyoning yarmini oʻzlariga tobye qilib turgan, 63 yillik umrlari davomida biror marta oq undan qilingan nondan yemagan ekanlar. Onamiz Safiyyaga uylanayotganlarida dasturxonda bor-yoʻgʻi uch toʻrt dona xurmo, uch toʻrt dona qurt, piyoladek kattalikda sariyogʻdan boʻlak hech narsa boʻlmagan ekan. Sahobiylar Rasululloh s.a.v. uyga mehmonga chaqirganlarida tansiq taom sifatida kepakdan tayyorlangan non bilan eʼzozlagan ekanlar. Rasululloh elak nimaligini bilmagan, arpani maydalab, puflab shopirgan, arpani poʻstlogʻi uchgani uchgan, qolgani non sifatida yeyilgan ekan. Rasululloh janoblari hatto arpa noniga ham toʻymay bu yorugʻ olamdan oʻtib ketgan ekanlar. Mana biz oʻrnak olishimiz lozim boʻlgan insonning hayoti. Ammo, qaysi birimiz oʻrnak olayapmiz? Oramizda birorta ham oq non yemagan odam yoʻq. Oramizda birorta elakni koʻrmagan, arpani shamolda shopirib, unini arpa poʻstlogʻiga qoʻshib yegan odam yoʻq.
Oramizda uylanganida toʻyini uch toʻrt xurmo, uch toʻrt qurt, piyoladek kattalikdagi sariyogʻ bilan oʻtqazgan birorta ham odam yoʻq. Aziz mehmonini kepakdan tayyorlangan non bilan eʼzozlagan mezbon ham birorta yoʻq. Mayli boʻlmasin ham. Xudoga ming qatla shukur, Oʻzbekistonimiz boy va badavlat, yerlari serhosil, dunyo tamaddunida oʻzining buyuk mavqeiga ega davlatlaridan biri. Ammo oramizda noshukurlar koʻp. Koʻzi ochlar, Xudoning rizq beruvchi qudratiga ishonmaydiganlar koʻp. Mana bu koronavirus davrida yurtimizda oziq-ovqat taqchilligi paydo boʻladi, narxlar oshadi, och qolamiz deydiganlar koʻp. Paygʻambarimiz oziq ovqat taqchillik paytida oziq ovqatni gʻamlash, lozimidan ortiqni berkitib qoʻyish, oʻz narxidan qimmat sotish, qiyin ahvoldan foydalanish harom, dedilar. Butun olam tobye boʻlib turgan paytda ham uylarida bir kunlik ovqatdan oshigʻini saqlamadilar. Bizda esa, hali hech qanday taqchillik sezilgani yoʻq, ammo odamlar qoplab unni uylariga tashimoqdalar. Bozorlardan kartoshkalarni qoplab ola boshladilar. Bozorlarga ming tonnalab kartoshka tushirilayapti, ammo odamlar kartoshkaga tashlanayapti. Aksincha boʻlishi kerak emasmi? Pandemiya davrida kamroq yeb, kamroq isrof qilib, tejamkorroq boʻlishimiz, boshqalar rizqiga koʻz olaytirmasligimiz, boshqalarga iltifotliroq boʻlishimiz kerak emasmi? Mana shunday paytda mehr muruvvatimizni boshqalarga koʻproq namoyon etishimiz, oʻzimizni oʻzimiz insofga chaqirishimiz kerak emasmi? Aslida, oʻz nafsimizni tiyishimiz, boshqalarning haqqini yemasligimiz, kamxarjroq boʻlishimiz eng katta saxiyligimizdir.
Olloh taqchillik davrlarida kim birni boshqalarga bersa, men unga oʻn barobar miqdorida qaytaraman deb marhamat qilganlar. Ollohni bu soʻzlariga shak keltirmang, bandaligingizda muqim boʻling. Paygʻambarimiz Muhammad s.a.v. “Moʻmin bitta ichakka yeydi, munofiq kofir yetti ichakka yeydi”, deganlar. Nima bitta ichagingiz, birdaniga yetti ichakka aylandimi, kecha uch toʻrt kilo olgan kartoshkangizga qanoat qilmay, birdaniga qoplab ola boshladingiz, nima kartoshkani koʻp yesangiz koronavirus sizni chetlab oʻtadimi? Odamga insof kerak, uyat kerak, hayo kerak! Qoplab olayotganingizda atrofingizdagi odamlardan uyalmaysizmi? Piyozga talashgan edingiz, qoplab gʻamlagan edingiz, mana yangi piyoz chiqdi, endi eskisini nima qilasiz, chiritasizmi? Yo chiriganini hidlab oʻtiribsizmi? Aslida ochkoʻzlik koronavirusdan ham battar kasallikdir.
Ramazon odamlar tavba tazarru qiladigan, gunohlardan pokiza boʻlishga tayyorlanadigan, kamxarj, kamsuqum, kamtar, kam yeyishga oʻrganadigan oydir. Roʻzaning hikmati shu qadar ulugʻki, sahobai ikromlar butun umr roʻza tutishni orzu qilganlar.
Ramazon oyida har kuni osmonu falakdan yetmish ming maloika tushib, bandalarning duosini arsh toqiga olib chiqib turadi va bu duolar albatta ijobat boʻladi. Ollohdan soʻraylik, pandemiya balosi Yer yuzidan daf boʻlsin. Olloh taolo marhamatli va mehribondir.
Muhammad ISMOIL