Askarlar va o‘quvchilar futbol o‘ynashdi
O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qism zobit va askarlari tomonidan hududdagi mahalla, umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda yoshlarni yurtga sadoqat, harbiy burchga hurmat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Vatan himoyachilari kuni oldidan harbiy qism rahbariyati, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida tumandagi 55-, 68- ixtisoslashgan davlat, shuningdek, 25- umumta’lim maktablari hamda askarlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan mini futbol musobaqasi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
– Xalq va armiya birligini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirishda turli tadbir va sport musobaqalarini o‘tkazish yaxshi samara bermoqda, – deydi harbiy qism bo‘linma komandirining o‘rinbosari, katta leytenant Boburjon Oltiboyev. – Jumladan, o‘tkazilgan qiziqarli va o‘ziga xos mini futbol musobaqasi yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
[gallery-15397]
Mini futbol musobaqasida ta’lim muassasalari o‘quvchilaridan tuzilgan “Mard o‘g‘lonlar”, “Vatanparvar”, “Tashabbuskor yoshlar” hamda harbiy qism askarlarining “Sarhad qo‘riqchilari” jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, 55-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining “Vatanparvar” jamoasi barcha raqiblaridan ustun kelib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib jamoa tashkilotchilar tomonidan 1- darajali diplom, kubok va maxsus sovg‘a, sovrindor va ishtirokchi jamoalar esa diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari