Askar Akayev: “Yangi O‘zbekiston hammani hayratlantirmoqda”
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri London matematika jamiyati a’zosi, Qirg‘iziston va Rossiya fanlar akademiyalari akademigi, Qirg‘iziston Respublikasining birinchi prezidenti Askar Akayevich Akayev bilan intervyu uyushtirdi.

– Askar Akayev – yirik olim, chinakam gumanistik va demokratik qarashlarga ega inson. Xalqaro ilmiy, siyosiy va jamoatchilik doiralarida yaxshi tanilgan. Ko‘pchilik uning shaxsiyatini baholashda ushbu sifatlarning barchasi u uchun asosiy deb hisoblaydi. Askar Akayev 2005 yil martga qadar Qirg‘iziston prezidenti bo‘lganida o‘nlab mamlakatlarga tashrif buyurgan, BMT va boshqa nufuzli tashkilotlar minbarlari, Yevropa, Osiyoning ko‘plab universitetlari, ilmiy markazlarida ko‘p marotaba chiqishlar qilgan. Muhtaram Askar Akayevich, suhbatimiz avvalida sog‘ligingiz haqida so‘ramoqchiman, ayni paytda qanday ilmiy-ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanayapsiz?
– E’tiboringiz uchun katta rahmat. Keksa yoshda bo‘lishimga qaramay, sog‘ligim joyida. Uyda rafiqam, farzandlarim va nevaralarim, ishxonada rahbariyat, safdoshlarim, shogirdlarimdan iborat ruhlantiruvchi ijodiy muhit tufayli doimo yaxshi kayfiyatdaman. Bularning barchasi qizg‘in ilmiy ishlarga yordam beradi, shu bois yoshligimda bo‘lgani kabi har yillik rejam – Rossiya va xorijdagi nufuzli jurnallarda chop etiladigan o‘rtacha o‘nta ilmiy maqola va kitob yozishning uddasidan chiqaman.
Mana hozir ham Germaniyaning mashhur «Shpringer» nashriyoti buyurtma qilgan kitob ustida ishlayapmiz. Jamoatchilik ishlari bilan shug‘ullanmayapman, butun e’tiborimni ilm-fanga qaratdim. Raqamli texnologiyalar matematik nazariyasi va raqamli iqtisodiyotga bag‘ishlangan kitobni tugatib, nashr ettirish istagidaman.
– Hayotning o‘zi yuksak lavozimdan voz kechish to‘g‘risidagi qaroringizning ahamiyatini ko‘rsatmoqda. Albatta, bunda siz eng avvalo tinchlik, odamlar, Qirg‘iziston taqdirini o‘ylagansiz. Oradan yillar o‘tdi, o‘z ixtiyoringiz bilan prezidentlik lavozimidan voz kechganingizdan afsuslanmaysizmi? Sizdan keyin kelgan prezidentlar, mana uchinchisi ham xuddi shu yo‘lni tutdi. Agar sizning tarixiy harakatingiz bo‘lmaganida, ehtimol Qirg‘izistonning taraqqiyoti boshqacha bo‘larmidi?
– 2005 yil 24 martda Qirg‘izistondagi davlat to‘ntarishi siyosiy avantyuristlar tomonidan narkomafiyaning jinoiy kuchlariga tayanib, xorijning kuchli axborot va moliyaviy ko‘magi ostida amalga oshirilgan edi. Dastlab bunday harakatlar 2003 yil Gruziyada “atirgul inqilobi”, 2004 yil Ukrainada “zarg‘aldoq inqilob” nomi bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng sobiq sovet ittifoqi hududida navbatdagi rangli inqilob sifatida rejalashtirishgan edi. Qirg‘izistondagi to‘ntarish “lola inqilobi” deb nom oldi. Biroq, inqilob umumxalq tomonidan kerakli qo‘llab-quvvatlanmagani bois, uning tashkilotchilari o‘z maqsadlarini davlat to‘ntarishi shaklida amalga oshirishni afzal ko‘rishdi. Bu davr eng ibratli bo‘ldi, aynan inqilob mamlakatning izchil rivojlanishini to‘xtatdi va demokratik, huquqiy va axloqiy asoslarga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazdiki, shular sabab mamlakat hali ham tiklana olmayapti.
“Lola inqilobi” tashkilotchilari shoshdi va navbatdagi prezidentlik saylovlaridan yarim yil oldin hokimiyatni zo‘rlik bilan olishning eng qo‘pol yo‘lini tutdi, chunki bo‘lajak saylovlarda halol kurashda ularning hech biri o‘tolmasdi. To‘ntarish rahnamolarining ig‘vosiga uchib 2005 yil 24 mart kuni Hukumat uyiga bostirib kirgan tajovujkor olomonning faol qismi to‘ydirib aroq ichirilgan va giyohvand modda iste’mol qildirilgan manqurt yoshlarni tashkil etardi. Narkobaronlar va uyushgan jinoyatchi to‘dalar yetakchilari buning uchun xasislik qilishmadi, aksariyat mablag‘ okean ortidan kelardi. Hukumat uyida amalga oshirilgan vandalizm so‘ngra ko‘chalarga o‘tdi, do‘konlar talon-toroj qilindi, avtomobillarga o‘t qo‘yilib, poytaxt kichik va o‘rta biznesiga katta talafot yetkazildi.
2005 yil martida men mamlakat prezidenti sifatida oliy milliy manfaatlarga hamda fuqaro sifatidagi demokratik va gumanistik e’tiqodimga tayangan holda ish tutdim. Qurbonlar bo‘lishining oldini olish maqsadida shaxsiy qo‘riqchilarim va harbiylarga har qanday holatda odamlarga qarata o‘q otmaslikni buyurdim. Biroq davlat to‘ntarishi tashkilotchilari muqarrar qurbonliklar bilan qon to‘kish niyatida ekanidan xabarim bor edi, bu ularning ig‘volarini ma’nan rag‘batlantirardi. Men bu vaziyatni hisobga olib, hech qanday hokimiyat insonning bir tomchi qoniga arzimasligini bilganim holda, mamlakatni vaqtincha tark etishga qaror qildim. Men mamlakat ichidagi muammolarni murakkablashtirmaslik maqsadida prezidentlik vakolatlaridan ixtiyoriy ravishda voz kechdim.
Men mamlakatimning tarixiy davrida xalqim yurtga rahbarlik qilishga ishonch bildirganidan baxtiyorman. Mustaqil Qirg‘izistonni barpo etish boshida turganimdan, eng murakkab o‘tish davrida yurtni boshqarganimdan va mamlakatning xalqaro imijini yuqori ko‘targanimdan faxrlanaman. O‘shanda Qirg‘izistonni “demokratiya oroli” deb atashardi.
Xalqim oldida vijdonim pok. Men prezident sifatida o‘z xalqim uchun bunyodkorlik bo‘yicha qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim. Eng og‘ir paytda o‘z obro‘im va imijimni o‘ylamay, mamlakatda barqaror hayotni ta’minlash uchun qaror qabul qildim. Men tinch mamlakatni tark etdim va xalqimga o‘z taqdirini konstitutsiyaviy yo‘l bilan hal qilishi imkonini berdim. Va mana hozir, oradan 15 yil o‘tib, o‘z qarorimdan hech ham afsuslanmayman. Men butun umr prezidentlikda qolish niyatim ham yo‘q edi. 2004 yilda navbatdagi prezident saylovlari bo‘lishidan bir yil oldin, bu gal nomzodimni qo‘ymasligimni rasmiy e’lon qilgan edim. Men faqat bir narsadan, davlat to‘ntarishi tashkilotchilari oliy hokimiyat konstitutsiyaviy ravishda qonuniy saylangan prezidentga o‘tishiga imkon bermaganidan afsuslanaman.
– Qirg‘iziston o‘z taraqqiyotida mintaqadagi boshqa mamlakatlardan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishiga sizning munosabatingiz qanday?
– Qirg‘iziston taraqqiyotining birinchi bosqichi, mustaqilligining dastlabki 15 yilida yangi mustaqil davlat shakllandi va u xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ushbu davrda muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy, chuqur demokratik islohotlar amalga oshirildi. Millatlararo va mintaqalaro totuvlik, so‘nggi yillarda SSSR parchalanishidan oldin paydo bo‘lgan ziddiyatlar va markazdan qochiruvchi tendensiyalarni muvaffaqiyatli yengish ijobiy natijalarni berdi. “Qirg‘iziston – umumiy uyimiz” milliy g‘oyasi xalqning ijtimoiy birdamligini mustahkamlashda ulkan ijobiy rol o‘ynadi.
Qirg‘iziston tashqi siyosatini yo‘lga qo‘yishda mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar bilan qardoshlik aloqalarini o‘rnatish ustuvor yo‘nalish bo‘ldi. Bozorga asoslangan iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Qirg‘izistonda milliy valyutaning joriy qilinishi sobiq sovet makonida amalga oshirilgan eng muvaffaqiyatli moliyaviy loyihalardan biri bo‘lgan, deb o‘ylayman. 90-yillarda som Markaziy Osiyodagi eng mustahkam valyuta edi. Qirg‘iziston MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakat deb e’tirof etildi va 1998 yilda JST a’zoligiga qabul qilindi, buning samarasida biz tashqi savdo va to‘qimachilik sanoatini saqlab qoldik, o‘n yil mobaynida qariyb 800 ming nafar kishini ish bilan ta’minladik.
2001 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ilk uzoq muddatli strategiyasi bo‘lmish “2010 yilgacha kompleks rivojlanish asoslari”ni ishlab chiqdik va amalga oshirishni boshladik. Buning samarasida 2001-2004 yillarda iqtisodiyotda o‘rtacha o‘sish sur’ati yiliga 5,6 foizga teng bo‘ldi va 2003 yilda (6,7 foiz) va 2004 yilda (7,1 foiz) yuqori ko‘rsatkichlarga erishdik. Inflyatsiya yiliga 3-4 foizgacha kamaytirildi, bu MDH dagi eng yaxshi yutuq edi. Kambag‘allikni yengishga erishdik, tashqi qarzlar yopildi. Qirg‘iziston kreditorlarining Parij klubi bilan olib borilgan muvaffaqiyatli muzokaralar natijasida, 2005 yil 10 martda biz 1,8 milliard dollarlik umumiy qarzdan 550 million dollarini yopishga muvaffaq bo‘ldik. 600 million dollar oltin valyuta zaxiralari sifatida Xalqaro bankda saqlangan. Men mamlakatni 15 yillik og‘ir davrdan so‘ng atigi 650 million dollar qarz bilan tark etganman. Qirg‘iziston o‘z taraqqiyotida kuchli siljishni amalga oshirishga tayyor edi, biroq 2005 yil 24 martdagi davlat to‘ntarishi bu jarayonni to‘xtatib qo‘ydi.
Inqilobchilarda oldingilardan ko‘ra ko‘proq narsaga erishish imkoni bor edi. So‘nggi 12 yilda qirg‘izistonliklar odil boshqaruvni o‘rnatish, xalq hayotini yaxshilashga va’da bergan prezidentlarni ko‘rishdi. Biroq yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lmadi. Va bu qonuniydir, chunki 2005 yil martda davlat to‘ntarishi tashkilotchilari xalqni emas, o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida hokimiyatga qo‘lga olishni o‘ylashgan edi. Aynan shu bois, ish davlat jinoyatchiligi, vatandoshlarga qarata o‘q uzish va ko‘plab qurbonlarning bo‘lishi, janubdagi nizolar, shuningdek, parlament hokimiyat tizimining volyuntarist joriy etilishi bilan yakunlandi.
So‘nggi yigirma yilda sobiq sovet hududida yuz bergan geosiyosiy o‘yinlardan olishimiz kerak bo‘lgan asosiy saboq – davlatning hech bir muammosini inqilobiy yo‘l, ko‘cha demokratiyasi va davlat to‘ntarishlari bilan hal qilib, xalq farovonligini yaxshilab bo‘lmaydi. 2005 yilda Qirg‘izistonda amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi oqibatlari aynan ana shuni ko‘rsatdi. Inqilob va to‘ntarishlar siyosiy avantyuristlar tomonidan ushalmaydigan populistik shiorlarga tayanib va odatda jinoiy kuchlar yordamida amalga oshiriladi. Oxir-oqibatda ular xalqqa ko‘p muammo va kulfatlar olib keladi. Sobiq sovet hududida Gruziya va Ukrainadagi “rangli inqiloblar” ham bu davlatlar xalqlarini uzoq inqirozli sinovlarga mahkum etdi va ular iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha ko‘p yillar orqada qoldi.
Qirg‘izistondagi inqilobiy hokimiyat boshqaruvining natijalari juda yomon. Mamlakatda demokratiya endi yo‘q. Davlat boshqaruvi og‘ir ahvolda. Iqtisodiyot to‘xtab qoldi. Aholi daromadlari keskin kamaydi. Inqilobiy hokimiyat o‘n yilda mamlakat iqtisodiyotini 10-15 yil orqaga surib tashladi. Milliy davlatchilikka jiddiy zarar yetdi, xalqning davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchiga darz ketdi. Qirg‘izistonning “demokratiya orolchasi” imiji salbiy “kriminalitet orolchasi”ga o‘zgardi. Mamlakat qaytadan barqaror rivojlanish va yuksalish yo‘liga chiqishi uchun hali uzoq va mashaqqatli yo‘l bor. Qirg‘iziston xalqidan boshqa hech kim mamlakatni bu inqirozdan qutqara olmaydi. Davlat qurilishi va iqtisodiyotni tiklash bilan shug‘ullanish zarur. Bugun mamlakat har qachongidan ko‘ra ko‘proq bunyodkorlarga muhtoj. Qirg‘iziston xalqi bo‘lg‘usi saylovlarda populistni emas, aynan bunyodkorni prezident etib saylaydi, deb umid qilamiz.
Rossiya va Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlari – Qozog‘iston va O‘zbekiston barcha sohalarda barqaror rivojlanish sur’atlarini ko‘rsatayotgani meni quvontiradi. Bu mintaqadagi mamlakatlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi sifatida qadrdon Qirg‘izistonimning kelgusi barqaror taraqqiyoti kafolatidir. O‘z vaqtida men “ Barqarorlik va evolyutsiya, inqilobdan yaxshiroq” degan shiorimni ko‘p takrorlardim.
Qirg‘izistonga kelsak, ming afsuski u hali ham beqarorlik hududida. 2005 yil 24 martdagi voqealar mamlakat ijtimoiy-siyosiy muhitiga olib kelgan zo‘ravonlik va qonunsizlik virusi kelajakka o‘z ta’sirini qoldirdi. Davlat to‘ntarishining asosiy qismini tashkil etgan jinoyatchilik o‘zidan keyin ko‘plab falokatlarni olib keldi: jinoyatchilik olami vakillarining xalq siyosatiga tajovuzkorona aralashuvi, jinoyatchilikning davlat hokimiyati bilan birlashishi shular jumlasidandir. Bularning bari so‘nggi yillarda mamlakatdagi siyosiy ahvol keskin yomonlashuviga sabab bo‘ldi. Ayrim siyosiy yetakchilarda jinoyatchilikni qo‘llab-quvvatlashga tayanib, har qanday davlat qurilishi masalalarni ko‘cha uslublarida hal etishga bo‘lgan ishonch paydo bo‘la boshladi. Shu bois, qo‘shni mamlakatlar birin-ketin siyosiy tizimni takomillashtirib, o‘z iqtisodiyoti va xalqi farovonligini yuksaltirgan holda bunyodkorlik harakatlarini amalga oshirayotgan bir paytda Qirg‘iziston beqarorlik sharoitida qolmoqda. Qirg‘izistonning Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan farqi shundan iborat.
– Ba’zan demokratiyani boshqarib bo‘lmay qoladi, mana masalan, AQSH, Fransiya va boshqa mamlakatlarda nimalar yuz bermoqda. Qirg‘iziston o‘z vaqtida “demokratiya orolchasi” deb nom olgan. U qanday natijalarga erishdi, xalq to‘q, tinch, minnatdor bo‘lishi, hukumat esa mamlakatni barqaror va samarali boshqarishi uchun nimalar qilish kerak?
– Demokratiya haqida gap ketganda, ko‘pincha Angliya bosh vaziri Uinston Cherchillning Ikkinchi jahon urushi paytida aytgan gaplari esga olinadi: U “Demokratiya – eng mukammal boshqaruv tizimi emas, biroq yaxshisini hali o‘ylab topishmagan” degan edi. Chamasi, bu gap bugunga ham to‘g‘ri keladi. Bir narsa shubhasizki, demokratik boshqaruv avtoritar boshqaruvga qaraganda, inson kapitalini jamiyat farovonligi yo‘lida to‘la ishlatish imkonini beradi. Davlat rahbari sifatida men boshidanoq hayotning barcha jabhalarida demokratik tamoyillarni qaror toptirish, demokratiyani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qat’iy ish olib borganman.
Qirg‘iziston mamlakatda olib borilgan demokratik islohotlar natijasida yuksak xalqaro imijga ega respublikaga aylangan edi. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanib bordi. Millatlararo munosabatlar samarali yo‘lga qo‘yilgan edi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohadagi sovet davridan qolgan yutuqlar yo‘qotilmadi. Xalqaro hamjamiyat Qirg‘izistonning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini e’tirof etdi.
Men prezidentligim yakunini hech qachon mutlaqo ijobiy deb aytmaganman. Ha, bu jamiyat yangi bosqichga o‘tishining murakkab davri edi. Bularning bariga ulkan mehnat bilan erishilgan, o‘shanda mablag‘ va resurslar bo‘lmagan, bir kechadayoq mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy xo‘jalik-iqtisodiy aloqalar uzilgandi.
Mahsulotlari umumittifoq kooperatsiyasi asosida ishlab chiqarilgan sanoatning katta qismi ishlashdan to‘xtadi, SSSR parchalangach, unga talab bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi. Bu mamlakat byudjeti daromadining qariyb yarmi, yuz minglab malakali ish o‘rinlarining yo‘qolishini anglatardi. Natijada, fuqarolarning real daromadlari kamaydi, mamlakatning yarmi qashshoqlik arafasida qoldi. Biroq 2005 yilda mamlakat 1991 yilda mustaqillikka erishdan davrdagidan ko‘ra ancha yaxshi ahvolda edi.
Men o‘tish davridan muvaffaqiyatli o‘tgan farovon mamlakatni meros qilib qoldirdim. Barcha sohalar – iqtisodiyot, ijtimoiy soha, demokratik taraqqiyotda siljish kuzatilgan edi. Dunyoda mamlakatning ijobiy imiji bor edi. Ko‘rib turganingizdek, Qirg‘izistonning keyingi va hozirgi muammolari mustaqillikning 15 yilidagi demokratik taraqqiyot bilan emas, rivojlanishning zo‘rlik yo‘li bilan uzib qo‘yishgani sabablidir. Davlat to‘ntarishi chinakam demokratik adolat uchun begona. Zo‘ravonlik virusi bilan zararlangan davlat va siyosat shoshilinch davolanishga muhtoj. Bu borada eng samarali vosita – chinakam demokratik qadriyatlarga qaytishdir. Demokratiyaga olib boradigan yo‘l qiyin, ammo boshqa yo‘l yo‘q. 2005 yilda Qirg‘izistonda hokimiyatni demokratik tamoyillar orqali o‘tkazish imkoniyati qo‘ldan boy berildi, shu bois, mamlakatda demokratiya zaiflashdi.

– Sizning “Yangi O‘zbekiston”, o‘zbek Renessansi, Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatga munosabatingiz qanday?
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yuritilayotgan siyosatga nisbatan juda ijobiy munosabatdaman. Agar uning siyosati doimiy ravishda real ishlarda ro‘yobga chiqadigan bo‘lsa, o‘n yildan so‘ng biz rivojlangan raqamli iqtisodiyot va ijtimoiy farovon bo‘lgan, birdam aholisiga ega, chinakam demokratik mamlakat – “Yangi O‘zbekiston”ni ko‘ramiz. Bu hozirgi o‘zbek Renessansining samarasi bo‘ladi.
Mening tasavvurlarim nimalarga asoslanadi? Avvalo, strategik qarashga va O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha 15 yillik tajribaga ega islohotchi Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiyatidir. U islohotchi sifatida menga sobiq sovet hukumati rahbarlaridan N.Kosiginni eslatadi. Agar 1960-1970 yillarda N.Kosiginning islohotlari to‘la amalga oshirilganida, sovet ittifoqi 1980 yillarda kuchli rivojlangan iqtisodiyotga erishardi, mamlakat saqlab qolingan bo‘lardi. Shavkat Mirziyoyev ham jadal islohotlarini hayotga tatbiq etish uchun barcha imkoniyatlar bor. Uning Oliy Majlisga yo‘llagan mazmunli Murojaatini o‘qib, islohotlarning quyidagi beshta yo‘nalishini qayd etishni istardim:
1) “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari halqqa xizmat qilishi kerak” ajoyib shioriga qaratilgan harakat. Bu o‘zbek xalqining amalga oshirilmagan ulkan bunyodkorlik salohiyatidan foydalanish imkonini beradi.
2) Ochiq iqtisodiyotni shakllantirish. Bu chet el investitsiyalarining keskin o‘sishi ko‘rinishida o‘z samaralarini berdi. So‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston MDHdagi barcha mamlakatlardan o‘zib ketdi. Shuning o‘zi mamlakatingiz iqtisodiyotidagi ochiqlik va liberal islohotlar natijasidir. Kelgusida u O‘zbekiston iqtisodiyoti va eksport salohiyatining raqobatbardoshligini oshirishga, eng muhimi, o‘zbek xalqi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
3) Tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantirish orqali qashshoqlikka qarshi kurashish. Bu chora-tadbirlar aholi farovonligi va ijtimoiy birdamligini oshirishda muhim omillardan biridir.
4) Ilg‘or ilmiy bilim va malakali kadrlarga asoslanib ilmiy-texnologik rivojlanishni jadallashtirish. O‘zbekistonda 2020 yil Илм, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilinishi ushbu harakatning to‘g‘ri qo‘yilgan dastlabki qadamidir. Bu harakat davom ettirilsa, u strategik maqsadga erishish – rivojlangan mamlakatlar qatoriga kirishga olib boradi.
5) Yangicha dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlash bilan birga “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish. Zamonaviy raqamli infratuzilmaga ega IT-parklarning milliy tarmog‘i yaratilsa, dasturda ko‘zda tutilganidek, millionlab malakali dasturchilar tayyorlanadi, 2030 yilga borib, O‘zbekiston Xitoy tomonidan tiklanayotgan Yangi ipak yo‘lidagi “raqamli voha”ga aylanishi shubhasiz.
Albatta, Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni tubdan yaxshilashga qaratilgan yangi tashqi siyosiy tashabbuslari yuqoridagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu yerda men nihoyatda “XXI asrda mintaqani rivojlantirish uchun do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi muhim davlatlararo hujjatni tayyorlashga qaratilgan tashabbusni nazarda tutyapman. Odamlar, umuman, mintaqa farovonligi haqida qayg‘uradigan chinakam rahbarlar mana shunday bo‘ladi, zero bularning bari o‘zaro bog‘liqdir. O‘zbekiston ham suv-energetika resurslari va transport kommunikatsiyalaridan oqilona foydalanish singari umumiy mintaqaviy muammolarni o‘zaro manfaatli hal etish maqsadida Markaziy Osiyoni birlashtirish yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirayotgani quvonarli hol.
– Siz ham taniqli davlat arbobi, ham yirik olimsiz. Markaziy Osiyodagi ilm-fan, texnika, texnologiyalarni rivojlantirish haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Bu boradagi yutuqlar va kamchiliklar nimadan iborat?
– Ilm-fan, texnika va texnologiyalar hamma davrlarda insoniyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan. Sovet davrida, ayniqsa, urushdan keyingi o‘n yilliklarda biz Markaziy Osiyoda ilm-fan va ta’limning haqiqiy renessansi guvohi bo‘lganmiz.
Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi tizimi uchun yuksak malakali mutaxassislar tayyorlanadigan juda ko‘plab birinchi darajali universitetlar ochildi. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari singari O‘zbekistonda ham Fanlar akademiyasi tuzildi va u juda sermahsul faoliyat yuritdi. Menga yaqin bo‘lgan fan olimlari ichida matematiklar T.Sarimsoqov va S.Sirojiddinovlar, fizik P.Habibullayev, kibernetik V.Qobulov kabi taniqli olimlarning nomlarini keltirishim mumkin. Ularning ishlari butun ittifoq darajasida mashhur edi. Ayni damda, akademik V.Qobulov boshchilik qilgan Kibernetika instituti SSSRda o‘z sohasi bo‘yicha yetakchi ilmiy markazlardan biri bo‘lgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tabiiy va aniq fanlarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha ko‘p asrlik an’analarga ega edi. Men Sharqning ulug‘ astronomi va matematigi, Movarounnahrning buyuk hukmdori Mirzo Ulug‘bek tomonidan XV asr boshlarida Samarqandda barpo etilgan mashhur rasadxona va madrasani nazarda tutyapman. Ulug‘bekning ilmiy qarashlari shu darajada keng bo‘lganki, Yevropa olimlari ham odillik bilan uni Uyg‘onish davrining qomusiy olimlari qatoriga qo‘yishgan. Ulug‘bek rasadxonasi o‘z davrida eng yirik rasadxona bo‘lgan va juda yaxshi jihozlangan. Aksariyat astronomik uskunalar Samarqandda tayyorlangan. Rasadxonada Qozizoda Rumiy va Ma’sud Koshoniy kabi mashhur astronomlar faoliyat yuritganlar. Rasadxona qurilishiga Ulug‘bekning sevimli shogirdi Ali Qushchi boshchilik qilgan. Ulug‘bek tomonidan tuzilgan yulduzlar jadvali keyingi 300 yilda dunyodagi eng aniq jadval hisoblanadi. Bu nafaqat aniq o‘lchovlar, balki teran hisob-kitoblar natijasi hamdir, chunki Mirzo Ulug‘bek murakkab matematik hisob-kitoblar bilimdoni bo‘lgan. Isaak Nyuton o‘zining mashhur tortishish kuchi nazariyasini tekshirishda undan foydalangan va Ulug‘bek jadvallari haqida katta maqtov gaplarni gapirgan.
Ulug‘bek madrasasidagi ta’lim jarayoni haqida alohida gapirish joiz. U Uyg‘onish davridagi eng yaxshi universitetlardan biri bo‘lgan. U yerda Sharq matematigi, Ulug‘bekning sevimli ustozi Qozizoda Rumiy va mashhur qomusiy olim, Ulug‘bekning safdoshi va shogirdi, uning asosiy ishlarini kelgusi avlodlar uchun saqlab qolgan va allomaning ismini abadiylashtirgan Jamshid Koshiy ma’ruzalar o‘qigan.
Va eng ajablanarli narsa – madrasada turli ilmiy mavzularda haqiqiy munozaralar bo‘lib turgan, ularda boshqalar bilan birga hukmdor Ulug‘bek ham ishtirok etgan. “Haqiqat bahslarda tug‘iladi” degan naql aynan o‘sha paydo paydo bo‘lgan. Shuning uchun ham Sharqning ko‘plab olimlari Ulug‘bek madrasasidan yetishib chiqqan.
Demak, universitetlarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda ilmiy tadqiqotlarni jadal rivojlantirish haqida qayg‘urish zarur. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilni Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilganini va belgilangan ustuvor vazifalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak. Ilm-fanni ilg‘or rivojlantirish ta’lim tizimini muvaffaqiyatli isloh qilishga erishish va mutaxassislar malakasini oshirish, shundan so‘ng raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish va joriy etish imkonini beradi.
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston haqida ko‘p yaxshi gaplar eshityapman, ko‘p o‘qiyapman, men ilgari ham o‘zbek xalqi, O‘zbekistonga tasannolar aytganman. Bularning barini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim, rahbarlar va xalqning bunyodkorlik ruhini his etgim keladi. Ana shunda men yurtingizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni yanada teranroq anglagan va ularga tegishli javob bergan bo‘lardim. Yashirmayman, Toshkent, Samarqand, Buxoroga borgim keladi va yaqin orada bu narsa sodir bo‘ladi, deb ishonaman.
– Askar Akayevich, siz ko‘p qirrali faoliyatingizni hisobga olib, o‘zingizni ko‘proq qaysi soha vakili deb hisoblaysiz: Rossiya Fanlar akademiyasi xorijiy a’zosimi, Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi akademigimi, London matematika jamiyati a’zosimi yoki texnika fanlari doktori, M.Lomonosov nomidagi MDU professorimi?
– Avvalo, men ilgarigi Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda shakllangan olimman. Men u yerda 1962 yildan 1980 yilgacha talabalikdan professorlikkacha bo‘lgan yo‘lni o‘tganman. Shu shaharda oila qurdim, to‘ng‘ich farzandlarim – Bermet va Aydar shu yerda tug‘ilgan. Mening ajoyib ustozlarim, jumladan, mashhur matematik professor V.Tartakovskiy bo‘lgan. Sovet davrining hisoblash texnikasi bo‘yicha ilg‘orlaridan biri, SSR davlat mukofoti sovrindori professor S.Mayorov, lazer-optik golografiya ixtirochisi akademik Yu.Denisyuk ham shular jumlasidan. Keyinroq Nobel mukofoti sovrindorlari – lazer ixtirochilari, akademiklar L. Proxorov va N.Basov menga ustozlik qilishgan. Shu bois, butun ilmiy faoliyatim Rossiya bilan bog‘liq.
Siyosiy sohada faoliyat yuritishimga ham rossiyaliklar sababchi, ular qayta qurish yillarida meni partiya ishiga nomzod qilib ko‘rsatishgan. Shu bois, siyosiy kareramni tugatganimda meni o‘sha zahoti Moskvaning ikkita yetakchi ilmiy muassasasiga ishga taklif qilishgan. Jumladan, M.Lomonosov nomidagi MDU rektori akademik V.Sadovnichiy Murakkab tizimlar matematik tadqiqotlar institutiga taklif qildi, Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika instituti direktori akademik G. Mesyats esa axborotni qayta ishlash lazer-optika tizimlari laboratoriyasiga chaqirdi. Men 1970-yillarda, doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borgan paytimda ushbu laboratoriya bilan hamkorlik qilganman. Fizika – ko‘proq yosh olimlar sohasi bo‘lgani uchun men G.Mesyatsga o‘z minnatdorligimni bildirdim va V.Sadovnichiyning taklifini qabul qildim.
2005 yildan buyon MDU Murakkab tizimlar matematik tadqiqotlar institutida matematik va kompyuter modellashtirish yo‘nalishi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelayapman. Men haqiqiy prfessional faoliyatim – ilmiy ishga qaytganimdan juda mamnunman. Jahon dinamikasining murakkab masalalari – global demografiya va iqtisodiy rivojlanishdan iqlim o‘zgarishigacha bo‘lgan muammolariga matematik usullarni qo‘llash bilan shug‘ullanib, safdoshlarim va shogirdlarim bilan Rossiya va xorijdagi eng nufuzli jurnal va nashriyotlarida yuzlab maqola va o‘nlab kitoblar chop ettirdim. Hozirgi kunda eng mashhur matematik rahbarlik qilayotgan Rossiyaning eng yaxshi matematiklari jamoasida mehnat qilayotganimdan xursandman. V.Sadovnichiy bilan MDUdagi katta ilmiy seminarda ilmiy ma’ruzalar bilan muntazam chiqish qilamiz.
O‘z vaqtida meni dunyoning ko‘plab universitetlari faxriy doktori, qator xalqaro va milliy akadamiyalarning xorijiy a’zosi qilib saylashgan. Tabiiyki, men uchun Rossiya Fanlar akademiyasining a’zoligi muhim ahamiyatga ega, chunki mening ilmiy faoliyatim, aytib o‘tganimdek Rossiya fani va London matematika jamiyati bilan bog‘liq. O‘z vaqtida, buyuk fizik va matematik Isaak Nyuton ushbu jamiyat a’zosi bo‘lgan.

– Hurmatli Askar Akayevich, qizingiz Bermet Akayeva bilan Qirg‘izistonning kelajagi haqida kitob yozdingiz. Vatandan uzoqda bo‘lib, u haqda yozish qiyin albatta. Sizningcha, Qirg‘izistonning kelajagi qanday? Haqiqiy demokratik, bag‘rikeng va rivojlangan davlatni barpo etish uchun nima qilish kerak?
– Insoniyat turmushning barcha sohalarida ulkan o‘zgarishlarga sabab bo‘layotgan axborot-raqamlashtirish davriga qadam qo‘ymoqda. Bilim va axborot butun dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bosh harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Intellektual raqamli texnologiyalar va platformalar jahon iqtisodiyoti rivojlanishining yangi to‘lqiniga start berdi, ushbu davr 2018 yilda boshlandi va 2040-yillar boshigacha davom etadi. Yangi raqamli to‘lqin dunyoning iqtisodiy va geosiyosiy landshaftini mutlaqo o‘zgartirib yuboradi. Jahon 2008-2009 yillarda tizimli davriy moliyaviy-iqtisodiy inqirozni boshidan o‘tkazdi. 2018 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida jonlanish va sinxron o‘sish boshlandi, afsuski koronavirus pandemiyasi bu jarayonni bir muddatga to‘xtatib qo‘ydi. Insoniyat global urushlar va tabiiy falokatlardan saqlana olsa, kelgusi 20-25 yil butun dunyoga iqtisodiy ravnaq olib kelishi mumkin.
Rivojlanishning eng muhim sharti eng avvalo mamlakat kelajagining konsensiyasini (nuqati nazarni), unga erishish strategiyasini ishlab chiqish, hamda ushbu hujjatlar atrofida konsensusga erishish mexanizmlarini yaratishdan iborat. Ikkinchidan, bilimlarni iqtisodiy va ijtimoiy ne’matlarga aylantirish innovatsiyalarni joriy qilishning samarali tizimini, yuqori malakali muhandis va ilmiy kadrlarni taqozo etadi. Demak, navbatdagi zarur shart ta’lim va innovatsion siyosatning ustuvorligi hisoblanadi. Mintaqaviy va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv, global ishlab chiqarish zanjirlari va bozorlariga oqilona joylashish va natijada yuqori qo‘shimcha qiymatli tovarlarni ishlab chiqarishga asta-sekin o‘tish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Agar har qanday davlatda, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatda bir paytda ushbu shartlarni yaratishga erishilsa hamda kelgusida ham ular faol qo‘llab-quvvatlansa, bunday davlatlar gullab-yashnaydi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoy tomonidan XXI asrda Buyuk ipak yo‘lining tiklanishi integratsiyaga ko‘maklashadi. XXR Raisi Si Szinpin tomonidan 2013 yilda ilgari surilgan va 2015 yilda ishga tushirilgan tiklanish tashabbusi, muvaffaqiyat qozonsa, Yevroosiyoning ulkan hududida iqtisodiy va geosiyosiy landshaftni o‘zgartirishga qodir ulkan ahamiyatga ega voqea bo‘lishi va Yevroosiyo mintaqasida farovonlik va gullab-yashnash davrini boshlab berishi mumkin.
Loyihaning asosiy g‘oyasi raqamli texnologiyalar va platformalardan keng foydalangan holda yangi yuqori tezlikka ega savdo-transport infratuzilmasini yaratishdan iborat. Yangi savdo yo‘li “raqamli ipak yo‘li” bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, yangi xitoycha megaloyiha – adolatli xalqaro savdo uchun yangi modelni izlash demak.
Ko‘rinib turibdiki, yaqin kelajak Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun uzoq istiqbolni belgilab olish, o‘n yoki o‘n besh yillik davrga jadal innovatsion rivojlanish bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish uchun maqbul davr hisoblanadi. Tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, biron-bir mamlakat yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni o‘z vaqtida hal qilar ekan, oqim qayiqni harakatlantirgandek, uzoq to‘lqin iqtisodiy rivojlanishga yetaklaydi. Aynan shu sababli men va qizim Bermet “Qirg‘iziston Buyuk ipak yo‘lida raqamli iqtisodiyot davrida” nomli kitob yozdik. Biz o‘z yurtimiz jamoatchilik fikrini uyg‘otishni va uning e’tiborini rivojlanishning kechiktirib bo‘lmaydigan muammolariga qaratishni va shu orqali mamlakatimiz rivojlanishning jahon tendensiyalaridan ortda qolmasligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqchi bo‘ldik.
Shunisi quvonarliki, O‘zbekistonda sanab o‘tilgan strategik vazifalar o‘z vaqtida hal qilinmoqda: “Raqamli O‘zbekiston – 2030 dasturi ishlab chiqilgan, ilmiy-texnik taraqqiyot jadallashib bormoqda, yangi davrning yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash uchun butun ta’lim tizimini isloh qilish rejalashtirilgan. Ushbu hal qiluvchi islohotlarni amalga oshirishda muvaffaqiyat tilayman.

– Mamlakatni strategik rivojlantirish to‘g‘risidagi kitobingizda 2020-yillar avlodiga mansub yetakchilarga yanada porloq kelajakni barpo etish sharafi yuklanganini ta’kidlaysiz. Dunyo, MDH mamlakatlari, sizning Vataningiz uchun ana shu porloq kelajak nimada namoyon bo‘ladi?
– Ikkinchi jahon urushi uchta buyuk davlat – SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya hamkorligining shakllanishiga olib keldi va bu ularga insoniyat o‘z boshidan kechirgan eng dahshatli urushda Buyuk g‘alabaga erishish imkonini berdi. Urushdan keyingi o‘n yilliklarda 1945 yilda Yaltadagi konferensiyada uchta davlat erishgan kelishuv negizida barqaror geosiyosiy rivojlanishni ta’minlashga va lokal urushlarning (Koreya, Vetnam, Karib havzasi inqirozi, Afg‘oniston) yangi jahon urushini aylanib ketishidan, sivilizatsiyalar to‘qnashuvidan saqlanishga erishildi.

Yalta konferensiyasi diqqat markazida butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun BMTni, fan, ta’lim va madaniyatni rivojlantirish uchun YUNESKOni, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Savdo va tariflar bo‘yicha bosh kelishuv kabi tuzilmalarni tashkil qilib, bu orqali rivojlanayotgan mamlakatlarga iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish, kambag‘allik va qashshoqlikka barham berish masalalari turgan edi.
Shu tarzda, aynan Yalta urushdan keyingi dunyoni tashkil qilish va BMTning yaratilishi belgilangan joyiga aylandi. Bu qariyib yarim asrga nisbatan barqaror tinchlikni – “Yalta tinchligini” ta’minladi. Shu sababli bu yil butun dunyo tantanali ravishda BMT va YUNESKOning 75 yilligini nishonladi.
Yalta tinchligi yarim asrdan ko‘proq davom etgan ilg‘or globallashuv to‘lqiniga asos yaratdi. U nisbatan adolatli xalqaro savdoning jadal rivojlanishiga, rivojlanayotgan mamlakatlarning “yetib oluvchi” taraqqiyotiga ko‘maklashdi va bu jahonda qashshoqlikning jiddiy tarzda qisqarishiga sabab bo‘ldi. Urushdan keyingi o‘n yilliklar ayni paytda fan, texnologiyalar va san’atning jadal rivojlanishi yillari, bir so‘z bilan aytganda Uyg‘onish davri bo‘ldi. Ammo afsuski, Amerikaga qarshi turgan sovet ittifoqi va jahon sotsializm tizimi parchalanib ketgach, AQSHning hukmron doiralarida bir qutbli dunyo qaror topgani va yangi dunyo tartibini belgilash bo‘yicha favqulodda huquqqa ega ekani haqida illyuziya paydo bo‘ldi. Shu paytdan “Yalta tinchligi” tanazzulga yuz tutdi va bu dunyoda hozirgi tashvishli beqarorlikka olib keldi. Insoniyat XXI asrning boshida global madaniy inqirozga yuz tutdi, harbiy to‘qnashuvlar va xalqaro terrorchilik to‘lqini kuchayib bormoqda, ommaviy qirg‘in qurolidan foydalangan holda sivilizatsiyalar to‘qnashuvi xavfi kuchayib bormoqda.
Umuman, dunyo va xususan Markaziy Osiyo uchun maqbul kelajak – bu shartli ravishda “Yalta tinchligi-2”dir. Dunyo tartibotining yangi modeli XXI asr tahdidlariga javoban sivilizatsiyalar muloqotiga va davlatlar hamkorligiga yo‘naltirilishi kerak. “Yalta tinchligi-2”ni shakllantirish uchun global xavfsizlik va dunyoning barqaror rivojlanishi uchun bosh mas’uliyat ularning zimmasiga yuklangan buyuk davlatlar – BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari konferensiyasi institutini tiklash kerak.
Umid qilamizki, jahonning siyosiy yetakchilari insoniyat kelajagi uchun mas’uliyatni namoyish etadi va yaqin yillarda ana shunday hal qiluvchi konferensiyaga to‘planadi. Milliy davlatlarga kelsak, ularning yetakchilari oldidagi bosh vazifa – bu ijtimoiy adolatni qaror toptirish, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi ko‘pincha jamiyatda nizolarga sabab bo‘ladigan jarlikni yo‘qotishdan iborat. Ayni paytda ularning asosiy vazifasi fanni ulug‘lash, ta’limning fundamentalligi, kreativligi va uzluksizligini kuchaytirish bo‘lishi kerak. Faqat shu yo‘l bilan XXI asrda dunyo uchuni yanada porloq kelajakni yaratish mumkin.

– Siz Markaziy Osiyodan chiqqan taniqli olimsiz. Xalqlarimizning turmushi, muammolari bilan yaxshi tanishsiz, shuningdek, o‘zbek olimi, Rossiya Fanlar akademiyasining Bozor muammolari institutining ilmiy xodimi Nabi Ziyodullayev bilan hamkorlikda ilmiy ish olib borayotganingizdan xabar topdim. Ushbu hamkorlik qanday natija bermoqda va uni davom ettirish niyatingiz bormi?
– O‘zbek olimlaridan do‘stlar borasida omadim chopgan. Dastlabki ilmiy ishimda, axborotga ishlov berishning optik usullari bilan shug‘ullanganimda radioptika sohasidagi yirik mutaxassis, taniqli sovet akademik olimi, toshkentlik A.Mikaelyanning shogirdi Tohirjon Azamatov bilan do‘slashganman va u bilan Sankt-Peterburgda ishlagan kezlarimda yaqindan hamkorlik qilganmiz.
Qirg‘izistonga qaytib kelib, u yerda hisoblash texnikasi bo‘yicha kafedra hamda axborotni saqlash va unga ishlov berishning lazer-golografik usullari bo‘yicha ilmiy laboratoriyaga asos solgach, biz muntazam ravishda Umumittifoq va xalqaro ilmiy anjumanlarni o‘tkaza boshladik va ularda T.Azamatov o‘z shogirdlari bilan faol ishtirok etgan. 1980-yillarda men T.Azamatov bilan Samarqandda bo‘lganman va buyuk Ulug‘bek rasadxonasini ko‘rganman. Bu voqea menda unutilmas taassurot qoldirgan.
Ikkinchi ilmiy hayotimda Moskvada mashhur rossiyalik va o‘zbekistonlik iqtisodchi professor Nabi Ziyodullayev bilan tanishdim. Do‘stim Nabi – eng avvalo, ajoyib inson, u o‘zida haqiqiy ziyolining eng go‘zal xislatlarini mujassamlashtirgan. Uning ilm olamidagi karerasi jadal sur’atlar bilan o‘sgan, yosh olimligida sobiq ittifoq davridagi nufuzli mukofot – iqtisodiy kibernetika sohasidagi muhim ishlari uchun Lenin komsomoli mukofotiga sazovor bo‘lgan. U Markaziy Osiyoda fanning ushbu sohasida birinchi olim hisoblanadi, bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki u mashhur Kibernetika institutida akademik V.Qobulov rahbarligi ostida mehnat qilgan.
Raqamli iqtisodiyotga o‘tayotgan davrda kibernetikaga yana talab kuchaydi. Bundan ko‘p yil avval, Rossiya iqtisodiyotida inflyatsiya sur’ati baland va beqaror bo‘lgan paytda biz do‘stim Nabi bilan bunday iqtisodiyot dinamikasini prognoz qilish bo‘yicha matematik modelni ishlab chiqdik va u muvaffaqiyatli amal qildi. Endi ushbu modelni kelgusi raqamli iqtisodiyotga moslashtirmoqchimiz. Men do‘stim Nabi bilan birga ilmiy ish olib borishdan ham, fan rivojlanishi haqidagi suhbatlarimizdan ham katta qoniqish his qilaman. Keyingi yillarda u O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarning faol targ‘ibotchisiga aylandi.
– Hurmatli Asqar Akayevich, batafsil va qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat! Sizga mustahkam sog‘liq, ilmiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyatingizda muvaffaqiyat, oilangizga farovonlik tilayman.
Irismat Abduxoliqov
suhbatlashdi, O‘zA