Asila Mirzayorova Paralimpiya o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘ldi
Fransiya mezbonlik qilayotgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida hamyurtimiz Asila Mirzayorova oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Asila para yengil atletika bahslarining ayollar o‘rtasidagi uzunlikka sakrash bellashuvlarida (T11 klass) dastlabki urinishdayoq 5,22 metr natija qayd etib, barcha raqiblaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, beshinchi urinishda 5,24 metr natija bilan o‘z rekordini yana yangiladi.

Darvoqe, paralimpiyachimiz 1996 yilgi Atlanta Paralimpiya o‘yinlarida ispaniyalik Ortiz tomonidan 5 metru 7 santimetr natija bilan o‘rnatilgan rekordni yangiladi.
Shuningdek, erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga chalqancha usulda suzish bo‘yicha saralash bellashuvlarida hamyurtimiz Kirill Pankov 1 daqiqa 03.31 soniya natija bilan finalga yo‘l oldi. Endi K.Pankov bugun Toshkent vaqti bilan soat 22:44 da final bosqichida medallar uchun raqobatlashadi.

Para o‘q otish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 10 metr masofaga to‘pponchadan otish bo‘yicha saralash bahslari ham yakunlandi. E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishda qatnashgan hamyurtimiz Server Ibragimov 562 ochko jamg‘argan holda final bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bu yo‘nalishda final bahslari bugun Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida: ayni vaqtga kelib, O‘zbekiston delegatsiyasi 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA