Asalarichilik qay darajada serdaromad soha?
Olimlarning ta’kidlashicha, asal tarkibida inson organizmi uchun foydali mikroelementlarning 70 foizdan ortig‘i mavjud. Undagi zarur fermentlarning yuqori miqdordaligi, qarish jarayonini sekinlashtirar ekan.
Asalari mumi, yelimi (propolis) va suti ham shifobaxsh mahsulot sifatida zamonaviy tibbiyotda keng qo‘llaniladi. bugungi kunda «O‘zbekiston asalarichilar» uyushmasi tomonidan kooperatsiya asosida xonadonlarga asalari uyalari tarqatilmoqda.
Bu soha mutaxassislari uni boqish, asalarichilik sohasi sir-asrorlarini o‘rgatib, keyinchalik yetishtirgan mahsulotini sotishga ham ko‘maklashmoqda. Buni Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida kuzatish mumkin.

«Surxondaryo asalarichilik» uyushmasi raisi Anvar Mengliyevning ma’lum qilishicha, uyushma tomonidan xonadonma-xonadon yurib asalarichilikka qiziqishi bo‘lgan fuqarolarga asalari uyalari tarqatilmoqda. Ularga asalarini boqish sir-sinoatlari o‘rgatilmoqda. bugungi kunda Surxondaryo viloyati bo‘yicha 83 mingta oilada asalari bor.
Viloyatda o‘tgan yili umumiy qiymati 10 milliard 400 mingdan ortiq 17 ta asalarichilik loyihasi amalga oshirildi. Shuningdek, 31 milliard kredit mablag‘i hisobiga 1 ming 211 ta xonadonda asalari oilalarini boqish yo‘lga qo‘yildi hamda minglab oilalar bandligi ta’minlangan.
Albatta asalni yetishtirish, asalarini parvarishlash katta mehnat va tajriba talab qiladi. Bu soha serdaromad bo‘lgani bois, qiziquvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Imtiyozli kredit – 5 ta asalari uyasi uchun 6 million so‘m mablag‘ ajratyapti. Bitta asalari uyasidan 20 kilogramm asal olinadi. Demak, bir yilda ro‘zg‘oringizda boqilayotgan beshta asalari uyasidan 100 kg. asal olish mumkin. bugungi kunda bozorlarda 1 kg. asalning o‘rtacha narxi 50 ming so‘m.
Bu bir yilda 5 million so‘m qo‘shimcha daromad degani. Bir yilda ikki marotaba asal olinishini inobatga olsak, mazkur daromad bundan ham oshadi.
Kreditlar 7-8 yilga imtiyozli ravishda beriladi. Bu faqat asaldan olinadigan foydaning o‘zi. Bir mavsumda ikki uch marta asalari bolalaydi. Nafaqat asalni, bolarilarni ko‘paytirib sotish orqali ham daromadni oshirish mumkin.
Surxondaryolik Bahodir G‘oipov ham asalarichilik sohasi orqasidan ro‘zg‘or tebratyapti. Uning aytishicha mazkur viloyat asalarichilik uchun juda qulay.Surxondaryoda fevral oyidayoq bodom, o‘rik daraxtlari gullaydi.
Shu bois arilar qishki uyqudan uyg‘onadi. Iyun, iyul oylarida asalarilar dalalarga chiqariladi. Yantoq, qizilmiya, paxta dalalarida va boshqa turli giyohlar gullaydi. U asalarichilikni dastlab 5 quti asalari oilasini parvarishlash bilan boshlagan. bugungi kunga kelib, asalari oilalari soni 68 taga yetdi.
Bahodir akaning aytishicha yiliga asaldan 68 million daromad olar ekan. Viloyatning tog‘, adirlaridagi tabiiy giyohlari asalarichilikda katta ahamiyatga ega. Bahodir aka asalarilarni, asosan ana shunday yaylov va tog‘ adirlarda parvarishlaydi.
Uyushma sa’y-harakati bilan aholini sifatli asal bilan ta’minlash barobarida Avstraliya, Ukraina, Germaniyadan keltirilgan sermahsul ari zotlari Surxondaryo viloyati sharoitiga moslashtirib, yuksak natijalarga erishmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bitta asalari bir kilogramm asalni yig‘ish uchun 4500 marta parvoz qilishi va 6-10 mln. guldan shira olishi kerak ekan. Foydali hasharotga bu sharoitni yaratib berish esa asalarichining zimmasida. Serdaromad tarmoqning mashaqqatli ekani ana shu tajribaning o‘zidayoq bilinadi.
Qolaversa, hozirda asalari paketi Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyatida eksport qilinadi. Tizim mana shunday ishlansa, kelgusida Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatida ham asalari eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA