Asal ming dardga malham, oilaga — daromad
Oila daromadini oshirish bugungi pandemiya sharoitida har jihatdan muhim.
Oila daromadini oshirish bugungi pandemiya sharoitida har jihatdan muhim.
Tinib-tinchimas yurtdoshlarimiz tadbirkorlik, hunarmandchilik, parrandachilik, tomorqa orqali turmush farovonligini taʼminlashga harakat qilyapti. Xususan, Fargʻona viloyatida koʻplab oilalar asalarichilikni yoʻlga qoʻyib, yaxshigina daromad olmoqda.
Yozyovon tumanidagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Suhbatillo Mamatboqiyev havaskor asalarichi. U erta bahorda bitta asalari oilasini parvarishlashga qoʻydi. Qisqa fursatda xonadondagi asalari oilalari soni yana 3 taga koʻpaydi.
Darhaqiqat, yaxshi parvarish qilingan bitta asalari oilasi mavsumda 20 kilogramm neʼmat beradi. Bir kilogramm asal 50-55 ming soʻmga baholangan taqdirda, bitta asalari oilasidan kamida bir million soʻm daromad olinadi. Bu yosh oilaga bir mavsumning oʻzida toʻrt million soʻmdan ortiq daromad olish imkoniyati degan gap.
– Shu kunga qadar yollanma ishchi boʻlib turli yumushlarni bajarib yurardim, – deydi Suhbatillo. – Asalari parvarishlashni taklif qilib qolishdi, ikkilanmay rozi boʻldim. Adashmagan ekanman. Yaqin kunlarda ularni yana-da koʻpaytirish ustida ishlayapman. Bu farzandlarim tarbiyasidan ajralmagan holda uyda turib foydali mehnat va daromad olish imkoniyatini bermoqda. Asosiysi, oila dasturxonidan shifobaxsh neʼmat uzilmaydi.
Asalari – yetti xazinaning biri. U ona tabiat tomonidan inʼom etilgan moʻjiza. Asal tarkibi fermentlar, vitamin va mikroelementlarga boy boʻlib, u yosh bolalarni aqliy rivojlantirish, jigar, oshqozon, teri, yurak-qon tomir, asab va boshqa koʻplab xastaliklarni davolashda yaxshi samara beradi. Qolaversa, moʻmay daromad manbai.
Fargʻona viloyatida asal yetishtirish miqdorini koʻpaytirish, sifatini yaxshilash ishlariga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda asalarichilik tarmogʻini rivojlantirish orqali kambagʻallikdan chiqarishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayni kunlarda pandemiya taʼsirida ishsiz qolgan 15 ming nafardan ortiq yoshlarni 5 qutidan asalari oilalari bilan taʼminlash, ularga imtiyozli sarmoyalar berish borasida ish olib borilmoqda.
Zotli va mahsuldor asalari oilalarini yetishtirishda viloyat asalarichilar uyushmasining alohida oʻrni bor. Bu yerda zotli onaarilar olib kelib koʻpaytirish, mahsuldorligini oshirish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Shu maqsadda Ukrainadan “Karpat”, Germaniyadan “Karnika” zotli asalari nasllari olib kelib koʻpaytirilmoqda.
– Mazkur tarmoqning rivojlanishida Fargʻona asalarichilik maktabining katta oʻrni bor, – deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Sherzod Suyarqulov. – Buni viloyatda olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar misolida koʻrish mumkin. Shu kunga qadar viloyatimizda 1200 dan ortiq asalarichilik subyektlari roʻyxatga olindi.
Soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan muhim ishlardan yana biri, viloyatda asalarilar uchun tabiiy nektarga boy ozuqa ekinlarini koʻpaytirishga kirishildi. Endilikda Qurama togʻ tizmalarida oʻsadigan zirk, naʼmatak, doʻlana, dalachoy, jiyda, kashtan, yapon saforasi, fetseliya, sinyak, donnik, Rossiya oʻsmasi, oq, qizil, pushti beda singari butasimon tabiiy nektarga boy oʻsimliklarni mahalliy sharoitlarda parvarishlash yoʻlga qoʻyildi.
Asalarilar hayoti ham ibratli. Asalni butun boshli oila yigʻadi. Bunda ularning vazifasi almashib turadi. Bugun nektar yigʻib kelgan ishchi asalari ertasiga navbatchi yoki oziqchi, qolganlari esa nektar izlab yoki qanotlarini silkitib, arixonani shamollatib turar ekan. Ularning harakatini kuzatgan inson asalarilar hamjihatligiga qoyil qoladi.
Shu moʻjazgina asalari qutisida inson uchun katta hayot maktabi mavjud, desak xato qilmaymiz. Siz ham uyingizda asalari boqing, totli mehnat bilan oila farovonligiga hissa qoʻshasiz.