Arxiv sohasida malakali kadrlar yetarlimi?
Vatanimiz tarixining eng ishonchli manbalari arxivlarda saqlanadi.
Vatanimiz tarixining eng ishonchli manbalari arxivlarda saqlanadi. Biroq ulardagi tarixiy hujjatlarning aksariyati hali-hamon oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda. Bunday manbalarning ilmiy izlanuvchilar qoʻliga beshikast etib kelishida arxivshunoslar muhim rol oʻynaydi.
Qoʻlyozmalarni, hujjatlarni toʻplash, tartibga solish va saqlash bilan shugʻullanuvchi soha mutaxassislarining mehnati natijasida boy tarixiy manbalar ajdodlardan avlodlarga oʻz holicha etib boradi. Shu sababli ham, bugungi kunda respublikamizda zamonaviy arxivshunos kadrlar tayyorlash masalasi har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

2020-yilning “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilingani mazkur soha mutaxassislariga boʻlgan talabni yana-da oshirdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yilda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida davlat arxivi tizimini elektron shaklga oʻtkazish, arxiv sohasini toʻliq raqamlashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berilgani ham malakali kadrlar masalasiga alohida ahamiyat qaratishni taqozo etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda innovatsion fikrlaydigan, amaliyot va nazariyotni birdek oʻzlashtirgan kadrlar tayyorlash hamda sohadagi muammolarni atroflicha muhokama qilish, ularga oʻz vaqtida echim topish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti hamkorligida “Zamonaviy arxivshunos kadrlarni tayyorlash: muammo va echimlar” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Ochiq muloqot va bahs-munozara ruhida oʻtkazilgan seminarda “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov, agentlik tarkibidagi Oʻzbekiston Milliy arxivi, Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari Milliy arxivi, Oʻzbekistonkinofotofono hujjatlari Milliy arxivi direktorlari, Tarix fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, bugungi kunda Milliy universitetning Tarix fakultetida 103 nafar talaba Arxivshunoslik yoʻnalishi boʻyicha tahsil olmoqda.
Tadbir davomida mavjud muammolar va ularning tahlili, shuningdek, sohani rivojlantirishga qaratilgan takliflar tinglandi. Jumladan, Vatanimiz tarixini tadqiq etishga bel bogʻlagan chet ellik izlanuvchilarning respublikamiz arxivlaridan ilmiy tadqiqot jarayonida erkin foydalanishlariga imkon yaratish, arxivshunoslik sohasida tadqiqot va ilmiy darajali kadrlarni koʻpaytirish, oliy oʻquv yurtlarida arxivshunoslik yoʻnalishida tahsil olish muddatini toʻrt yildan uch yilga oʻzgartirish taklif etildi.

Universitet talabalarining “Oʻzarxiv” agentligi rahbariyati bilan ochiq muloqoti davomida talabalarga pullik arxiv xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlar berish, talabalar tadqiqotlarini tashkil etishda arxivlardan erkin foydalanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, talabalarni “Oʻzarxiv” tarkibidagi muassasalar laboratoriyalarida tizimli amaliyot oʻtashlarini tashkil etish masalalari boʻyicha takliflar inobatga olindi. “Oʻzarxiv” agentligi hamda Milliy arxivlar direktorlari talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Tadbir yakunida “Oʻzarxiv” agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti oʻrtasida sifatli kadrlar tayyorlash hamda sohani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli chora-tadbirlar rejasi, “yoʻl xaritasi” hamda hamkorlik memorandumini imzolashga qaror qilindi.