Armiya va xalq bir jonu bir tan
Andijonda «Armiya va xalq bir jonu bir tan» shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Viloyat ichki ishlar, Milliy gvardiya hamda Mudofaa ishlari boshqarmalari, Andijon shahridagi harbiy qism hamda “VETERAN” jangchi faxriy va nogironlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Andijon tumanidagi 54- umumta’lim maktabida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda tumandagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiylarga hurmat, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishdan iborat, – deydi “Veteran” jangchi faxriy va nogironlar uyushmasi viloyat bo‘limi Matbuot kotibi Mahbubaxon Isroilova. – Qolaversa, yoshlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va osoyishtaligiga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan.

Harbiylar tomonidan harbiy texnika va qurol-aslahalar, shuningdek, ulardan qanday foydalanish ko‘rgazmali chiqishlar orqali namoyish etildi.
Tadbirda ishtirok etgan faxriy harbiylar, afg‘on urushi qatnashchilari o‘quvchi yoshlarga Vatan himoyasi, yurtimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash yo‘lida olib borgan mardonavor xizmatlari haqida gapirib berdi.
Yakunda “VETERAN” jangchi faxriy va nogironlari uyushmasi tomonidan tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA