AQSHda bo‘ron va ayoz 10 kishini halok qildi
Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarashli ko‘rfaz sohilida joylashgan janubiy shtatlarda mintaqa uchun g‘ayritabiiy sovuq va qor bo‘roni 10 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, Alabama, Texas va Jorjiyada qahraton va kuchli qor oqibatida turar-joy binolari yongan, yo‘l-transport hodisalari va muzlash holati ko‘paygan.
Yo‘llar qattiq muzlab, ko‘plab baxtsiz hodisalar kuzatilyapti, transport harakati juda sekinlashgan. Noqulay ob-havo tufayli o‘nlab reys bekor qilindi.
Florida shtati Milton tumanida rekord miqdorda yog‘ingarchilik natijasida qor qoplami 25 santimetrga yetdi. Texasda, Bomont hududida yoqqan 15 santimetrlik ko‘rsatkich ham misli ko‘rilmagan holat sifatida baholandi.
Alabama shtati Mobile shahrida qor qalinligi 20 santimetrni tashkil etgan. Luiziana shtati Baton-Ruj va Yangi Orlean shaharlarida esa 1895 yildan beri eng kuchli qor yog‘ishi qayd etilgan.
Luizianalik iqlimshunos Jey Grams hudud so‘nggi 100 yildagi eng og‘ir ob-havo sharoitiga duch kelganini ta’kidladi. Ayrim joylarda harorat 12 darajagacha sovib, 26 yanvargacha shu daraja saqlanib qolishi taxmin qilingan.
Transport va rivojlanish departamenti kotibi Jo Donaxu aholini qalin muzlagan yo‘llar tufayli zarur bo‘lmagan sayohatdan chekinishga chaqirdi.
Sinoptiklar ta’kidlashicha, Meksika ko‘rfazi hududidagi sovuq havo hafta oxirida me’yoriy holatga qayta boshlaydi.