AQSH – Yevropa munosabatida yoriqlar paydo bo‘lmoqda
O‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan AQSH va Rossiya yetakchilari Donald Tramp va Vladimir Putinning telefon orqali suhbati tafsiloti jahon ommaviy axborot vositalarida turlicha talqin qilinmoqda. Ya’ni, bu voqea g‘arbdagi ittifoqchilar bilan kelishilmagani, Yevropa Ittifoqi davlatlari muzokaraga jalb qilinmyotgani ko‘hna qit’a siyosatchilar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Amerika rahbarining hatti-harakatidan Fransiya, Buyuk Britaniya, Polsha yetakchilari, NATO Bosh kotibi, ayniqsa Germaniya Kansleri Olaf Shols chuqur taajjubga tushgan.
– Bugun biz AQSH hukumatining bu qadami va bayonoti Ukraina, Yevropa va dunyo uchun nimani anglatishiga oid haqiqat bilan yuzma-yuz kelyapmiz, – deydi Shols. – Beparvolik mamlakatimiz va qit’amiz xavfsizligi xatar ostida qolishini anglatadi. Men bunga yo‘l qo‘ymayman.
Siyosatchi mamlakatdagi vaziyatga yangicha yondashuv ishlab chiqish uchun tegishli qarorga ehtiyoj borligini ta’kidladi. Shuningdek, ayni mavzuda Ukrainasiz hech qanday qaror qabul qilib bo‘lmasligini yana bir bor takrorlab, ko‘hna qit’a va AQSH xavfsizligi tushunchasini bir-biridan ajratmaslik muhimligiga e’tibor qaratdi.

– Rossiya – Ukraina mojarosi bo‘yicha Yevropaning fikri so‘raladi, albatta, – dedi GFR hukumati boshlig‘i mahalliy NTV telekanali namoyish qilgan saylov oldi debati chog‘ida. – Zero, qit’amiz Kiyevga AQSHdan ko‘ra ko‘proq yordam ko‘rsatdi. Biz hech kimga... Ukrainani demilitarizatsiya qilish bo‘yicha kelishib olishga yo‘l qo‘ymaymiz. Aksincha, tinchlik kelishuviga erishish, hech kim hech qachon hujum qilmasligini ta’minlash uchun juda kuchli armiya kerak. Yevropaliklar Ukraina taqdirini “yopiq eshik ortida” hal qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi va Parijda bo‘ladigan YeI yetakchilari navbatdan tashqari sammitida shu masalani ko‘taradi. Germaniya 44 milliard yevro ajratib, jumladan ukrainalik qochqinlarga ham yordam berdi. Shunday 28 milliard yevro harbiy ehtiyojga yo‘naltirildi. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etyapmiz. Yevropaliklarning ovozi bor, bizning ishtiroksiz “xavfsizlik kafolati”ni olib bo‘lmaydi.
Avvalroq Bryusseldagi Yevropa institutlari rahbarlari Kiyev va YeIning muzokarada ishtirok etishiga ishontirib, busiz “tinchlik kelishuvi ish bermasligi”ni ta’kidlagandi.
O‘z navbatida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte tinchlik muzokarasi tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, yevropaliklarga muloqot davrasiga taklif qilinmaganidan “shikoyat qilishni to‘xtatish”, aksincha, muammoni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha aniq tashabbus ilgari surishni maslahat berdi.
Kelayotgan yakshanba Germaniyada parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayrim ma’lumotlar saylovda Xristian-demokratik ittifoq (XDI) partiyasi rahbari, muxolifat yetakchisi Fridrix Mers g‘alaba qozonishi ehtimoli yuqoriligini ko‘rsatgan. Shu bois Ukraina masalasida uning fikri ham siyosatchilarni qiziqtirmoqda.
DPA axborot agentligi siyotchining so‘zlaridan иқтибос keltirib, shunday yoz gan:
– Yevropa va Amerika qarama-qarshiligi Tramp hokimiyatga qaytishi bilan mutlaqo yangi sifat kasb etmoqda.
Uning ikkinchi inauguratsiyasi va yangi ma’uriyat a’zolarining xalqaro maydondagi ilk chiqishlaridan ma’lum bo‘lmoqdaki, uch yil avval, ya’ni 2022 yil aytilgan “davrlar o‘zgarishi” (Ukrainada ziddiyat avj olgandan keyin Germaniya Kansleri Olaf Shols tomonidan kiritilgan va Rossiyaga nisbatan siyosatdagi o‘zgarishni ifodalovchi atama) Transatlantika buzilishiga olib kelishi mumkin.
Ehtimoliy kansler tarafdorlarini AQSH bilan munosabatda yaxshisiga umid qilish, lekin eng yomoniga tayyorlanishga chaqirdi. Uning fikricha, Yevropa oyoqqa turishi jarayonini, 75 yildan ko‘p amerikaliklar bilan birga qurilgan qit’adagi siyosiy tartibni himoya qilish uchun oz fursat qoldi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ham jarayondan chetda qolish niyatida emas. U yaqin kunlarda Amerika Prezidenti bilan RF – Ukraina mojarosiga barham berish bo‘yicha kelishuv, jumladan mamlakat xavfsizligi kafolati masalasini muhokama qilmoqchi ekanini ma’lum qildi.
“Financial Times” gazetasi avvalroq Starmer fevral oyi so‘nggi haftasida yetakchi bilan uchrashish uchun AQSHga borishini ma’lum qilgandi.
– Yaqin kunlarda Tramp bilan uchrashaman, – degan Birlashgan Qirollik hukumati boshlig‘i “Telegraph” nashrida e’lon qilingan maqolada. G7 bo‘yicha barcha hamkorlarimiz bilan zarur, mustahkam kelishuvga erishish uchun hamkorlikda ishlaymiz. Ukraina muzokara davrasida o‘tirishi kerak.
Avvalroq u “Agar lozim bo‘lsa, Britaniya mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyorligini aytgan.
Xullas, Ukraina – Rossiya ziddiyatiga barham berish yo‘lidagi xalqaro sa’y-harakat so‘nggi payt ancha faollashdi. Bu jarayonda YeI ishtirok etishi ko‘hna qit’aning birdamligi, tinchligi va xavfsizligi istiqboli uchun muhim ekani kundek ravshan. Binobarin, ayni masalada Oq uy tanlayotgan yo‘l ko‘p savollarni keltirib chiqarmoqda. Aniqrog‘i, Donald Trampning yondashuvi hamon qorong‘iligicha qolyapti. Hatto, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens kuni kecha Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlagan nutqida ham hech bir aniq ma’lumot keltirmasdan, Yevropa hamjamiyati ich-ichidan buzilayotgani haqidagi ta’na-dashnomdan nari o‘tmadi va yevropalik siyosatchilar tanqidiga uchradi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Prezident Donald Trampning tez orada rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashuvi kutilyapti. Ehtimol shundan keyin kim aslida kimligi oydinlashar?
S.Rahimov, O‘zA