AQSH Venesuelaga yo‘l ochdi
AQSH Venesuela rahbari sifatida tan olingan Delsi Rodrigesga nisbatan sanksiyani bekor qildi. Bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Vashington shu tariqa Karakas bilan iqtisodiy va siyosiy aloqani tiklashga intilyapti. Qolaversa, bu qadam xalqaro bozorga ham ta’sir o‘tkazishi, Venesuelaning xorijdagi aktivini qayta nazorat qilish imkonini berishi mumkin. Ayniqsa, neft sohasiga oid kompaniya va mulklar bu jarayonda muhim ahamiyatga ega. AQSH tomoni Venesuela neftini sotish bo‘yicha kelishuv ustida ham ish olib boryapti. Bu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga xizmat qiladi.
AQSH mart oyida Rodrigesni rasman davlat rahbari sifatida tan olgan. Shundan keyin o‘zaro elchixonalarni qayta ochish va iqtisodiy aloqani kengaytirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Rodriges bu qarorni munosabatlarni muvofiqlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. U yanada keng hamkorlikka umid bildirmoqda.
Hozircha cheklov to‘liq bekor qilingani yo‘q. Avvalgi hukumatning ayrim amaldorlari hamon sanksiya ostida. Demak, jarayon bosqichma-bosqich davom etadi. Ekspertlar fikricha, bu qaror ehtiyotkor, shu bilan birga strategik qadam.
Musulmon Ziyo, O‘zA