AQSh va Litva mudofaa sohasida hamkorlik qiladi
AQSh va Litva mudofaa sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.
AQSh va Litva mudofaa sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda Pentagonning Twitter dagi sahifasida ma’lum qilingan.
”Bugun Pentagonda AQSh mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik ishlari bo‘yicha yordamchisi lavozimini bajaruvchi Ketrin Uilbarger va Litva Mudofaa vazirligi departamenti direktori Robertas Sapronas AQSh va Litva o‘rtasida mudofaa sohasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi yo‘l xaritasini imzoladi”, - deyiladi xabarda.
Mazkur yo‘l xaritasida mudofaa sohasidagi mavjud hamkorlikni kuchaytirish, hamkorlikda o‘quvlar tashkil etish, Boltiq dengizi hududida xavfsizlikni ta’minlash, razvedka ma’lumotlari bilan bo‘lishish, kiberxavfsizlik sohasidagi imkoniyatlarni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Pentagonning ma’lum qilishicha, 2014 yildan buyon Litva mudofaa xavfsizligiga 80 million dollar miqdorida investitsiya kiritilgan. Litva shu davr ichida AQSh mudofaa mahsulotlari xaridi uchun 200 million dollar sarflagan.