AQSH Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi
AQSH Rossiya neftini 11-aprelgacha sotishga ruxsat berdi. Yoqilg‘i narxlari oshgan bir paytda qabul qilingan bu chorani AQSH Moliya vazirligi “tor doiradagi” va “qisqa muddatli” deb atadi. Bu haqda DW xabar berdi.
AQSH Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotishni 11-aprelgacha sanksiyalardan vaqtincha chiqardi. Vaqtinchalik sanksiyadan chiqarish faqat tankerlarga yuklangan neft uchun amal qiladi. Bu operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi litsenziya 12-mart kuni AQSH Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.
Vazirlik rahbari Skott Bessentning aytishicha, prezident Donald Tramp bu qarorni “jahon energetika bozori barqarorligini ta’minlash va neft narxlarini past saqlash” maqsadida qabul qilgan.
Bessent ijtimoiy tarmog‘idagi postida bu chora “juda tor doiradagi va qisqa muddatli” ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror Rossiya hukumatiga katta moliyaviy foyda keltirmaydi.
Shuningdek, vazir neft narxining oshishini vaqtinchalik deb izohladi. “Biz narxlarni pasaytirish uchun neftga oid sanksiyalarni vaqtincha bekor qilamiz. Ayrim davlatlarga nisbatan sanksiyalarni to‘xtatamiz. Agar vaziyat tinch bo‘lsa, balki keyinchalik ularni qayta tiklashga hojat ham qolmas”, — dedi u.
Mutaxassislarning fikricha, AQSH Rossiyaga yordam berish uchun emas, balki neft narxi keskin oshib ketmasligi va jahon bozorida barqarorlikni saqlash uchun sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan. Shu o‘rinda nega AQSHga jahon bozori barqarorligi kerak, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Chunki, jahon bozorida neft narxining keskin oshishi AQSH moliya tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun AQSH birinchi navbatda o‘z iqtisodiyotini himoya qilish, energetika narxlarini nazoratda ushlash uchun ham shunday choralar ko‘rgan bo‘lishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_idqM5sCzPk" title="AQSh Rossiya neftiga qo`yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salim Obidjonov. O‘zA