AQSH Rossiya neftiga nisbatan sanksiyani tikladi
Yaqin Sharqdagi inqiroz fonida AQSH Rossiya neftiga berilgan vaqtincha imtiyozni bekor qildi. Bu qaror xalqaro energiya bozorida yangi keskinlik davrini boshlashi mumkin.
Yaqin Sharqdagi siyosiy va iqtisodiy inqiroz fonida Rossiya nefti savdosiga berilgan imtiyozli davr yakunlandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati RF nefti va neft mahsulotlari savdosi uchun joriy etilgan vaqtincha yengillikni bekor qildi. “Moscow Times” nashri xabar berishicha, 11-apreldan boshlab cheklov to‘liq kuchga kirdi.
Ilgariroq 2026-yil 12-martgacha kemalarga yuklangan xom ashyoni sotishga ruxsat berilgan edi, biroq endi bu muddat uzaytirilmaydi. Yumshatish Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli energiya bozorida yuzaga kelgan taqchillik bilan bog‘liq edi. Hurmuz bo‘g‘ozi ehtimoliy yopilishi kunlik neft eksportini 13 million barrelgacha kamaytirib yuborishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, narx 100 dollardan oshib ketgan.
Oq uy global bozorni barqarorlashtirish maqsadida Rossiya va Eron neftiga qo‘yilgan cheklovni vaqtincha yumshatishga majbur bo‘lgan edi. Eron neftiga nisbatan joriy qilingan shunday ruxsat esa 19-aprel kuni kuchini yo‘qotadi. Xalqaro energiya agentligi e’lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, yumshatish davrida Rossiya neft sektori sezilarli o‘sish qayd etdi. Mart oyida 19 milliard dollarga yetgan neft va neft mahsulotlari tushumi fevralga nisbatan 9,3 milliard dol ko‘paydi.
Umumiy eksport hajmi kuniga 7,1 million barrelni tashkil etgan. Xom neft eksporti 4,6 million barrelga, neft mahsulotlari 2,5 million barrelga yetgan. Qazib olish hajmi esa kuniga 10,32 million barrelni tashkil qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA