AQSH “qora ro‘yxati”ga yangi shaxslar qo‘shildi
Amerika Qo‘shma Shtatlari Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa davlatlaridagi qator ijtimoiy tarmoq sahifalari faoliyatini nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va tashkilot rahbarlariga viza berilishini to‘xtatdi. Vashington bu qarorni ular AQSH texnologiya platformalariga bosim o‘tkazib, so‘z erkinligini cheklashga uringani bilan izohladi.
Qora ro‘yxatga tushganlar orasida Qirollikda joylashgan “Centre for Countering Digital Hate” tashkiloti rahbari Imron Ahmad va “Global Disinformation Index” bosh direktori Kler Melford ham bor. Davlat departamenti ularni “radikal faollar” deb atab, mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi sobiq komissari Terri Breton hamda Germaniyada joylashgan “HateAid” tashkiloti rahbarlari Anna-Lena fon Hodenberg va Jozefin Ballon ham vizadan mahrum etildi.
Davlat kotibi Marko Rubio bu shaxslar va tuzilmalar ishini “global senzura tizimining bir qismi” sifatida baholadi. Ta’kidlanishicha, ular Amerika ijtimoiy tarmog‘idagi muayyan axborotlarni o‘chirishga urinish orqali AQSH suverenitetiga aralashgan.
Yevropa yetakchilari mazkur qarorni keskin tanqid qildi. Masalan, Fransiya Prezidenti holatni “Yevropa raqamli mustaqilligiga bosim” deb atadi. YeI tashqi siyosati rahbari Kaya Kallas “qabul qilib bo‘lmaydigan siyosiy bosim” ifodasini ishlatgan.
Vizasi taqiqlangan shaxslar esa ayni tashabbusni “so‘z erkinligiga qarshi qadam” dedi. Ularning fikricha, AQSH hukumati senzura haqidagi ayblovdan foydalanib, tanqidiy ovozlarni “pasaytirish”ga urinmoqda.
Yuzaga kelgan mojaro AQSH va Yevropa o‘rtasida ijtimoiy tarmoqni tartibga solish, kontent nazorati va so‘z erkinligi masalalaridagi qarama-qarshilik tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA