AQSH: Gubernator Prezidentni sudga berdi
Gubernator Gevin Nyusom AQSH Prezidenti Milliy gvardiya askarlarini Kaliforniyaga kiritgani uchun sudga berdi. Donald Tramp esa o‘z hukumatidan bu gubernatorni o‘z shtatida federal harakatlarga to‘sqinlik qilishda davom etsa, hibsga olishni so‘ramoqda. Ayni payt Pentagon Los-Anjelesga dengiz piyodalarini ham yuborgan. Mahalliy rasmiylar “shtat mustaqilligiga rahna solgani” uchun mamlakat yetakchisini ayblamoqda.
Nyusom Trampning harakatini “noqonuniy va axloqsizlik” deb atadi. Dushanba kuni tushdan keyin 1000 ga yaqin Milliy gvardiya xizmatchisi norozilikni bostirish uchun shaharga kirgan. Hodisa joyiga qo‘shimcha yana 1000 nafar harbiy kelishi kutilyapti.
Shimoliy qo‘mondonlik bergan bayonotda Pentagon norozilikni bartaraf etishga yordam berish uchun 700 nafar dengiz piyoda qo‘shini vakilini jo‘natgani aytilgan.

Gubernator Trampdan norozi:
– Buyrug‘ingizni bekor qiling, nazoratni Kaliforniyaga qaytaring!
Tramp esa, o‘z navbatida, qilgan ishini to‘g‘ri hisoblayapti. Ya’ni, “Aks holatda shahar butunlay vayron bo‘lardi” deya o‘zini oqlamoqda.
Gubernator bunday holat oldin kuzatilmagani, shtatga gubernator so‘rovisiz hech qachon Milliy gvardiya qo‘shini kiritilmaganini ta’kidlagan. Mahalliy OAV oldida so‘zga chiqqan Nyusom shtat Tramp ma’muriyatini sudga berishini yana bir bor takrorlagan.
Kaliforniya Bosh prokurori Rob Bonta fikricha, harbiylarni jalb etishga asos bo‘ladigan muhojirlar qo‘zg‘oloni yoki boshqa jiddiy sabab yo‘q. Aksincha, qo‘shin kirib kelishi ko‘pchilik aholida norozilik uyg‘otgan.
Tramp va uning chegaraga mas’ul harbiy qo‘mondoni Tom Xolman esa gubernator bilan gaplashgani, agar namoyishchilarga qarshi kurashga to‘sqinlik qilsa, u qo‘lga olinishini aytgan.

Los-Anjelesda norozilik namoyishlari davom etyapti. Kecha shahar hokimiyati ro‘parasidagi bog‘da taniqli kasaba uyushmasi yetakchisi ushlanishiga qarshi namoyishda juda ko‘p olomon yig‘ilgan. Ular Tramp ma’muriyati, Muhojirot va Bojxona nazoratidan noroziliklarini bildirgan. Shuningdek Kasaba uyushmasi yetakchisi Devid Uertani tezda ozod qilishni talab qilgan.
Bunday talab bilan boshlangan namoyish turli kasaba uyushmalari rahbarlarini birlashtirdi. Natijada Uerta 50 000 dollar garov evaziga ozod qilindi. Namoyish chog‘i Los-Anjeles aholisi tartibsizlik sabab yuzaga kelgan noqulay vaziyatni bartaraf etish talabini ham ilgari surdi.
Los-Anjeles meri Karen Bass OAVga intervyusida o‘z xavotirini oshkor qilarkan, Milliy gvardiyachilar tomonidan tez-tez immigratsiya reydi o‘tkazilishi holatni battar salbiy tomonga o‘zgartirishini ta’kidlagan. Xullas, Tramp ma’muriyati ko‘rayotgan qat’iy choralardan shtat aholisi juda norozi.
K.Bekjonov, O‘zA