AQSH Eronga pul taklif qildi. Sababi ma’lum
Oq uy Eronga 30 milliard dollarlik sarmoya kiritish va uranni boyitmaslik evaziga sanksiyani yumshatish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CNN ma’lum qildi.
Amerika ma’muriyati Eron yadro dasturidan voz kechishi uchun nima taklif qilishni o‘ylamoqda. Masalan, fuqarolik energetikasi maqsadida foydalaniladigan va uranni boyitish talab qilinmaydigan yangi yadro dasturini ishlab chiqish uchun 20-30 milliard dollar berish muhokama qilingani aytilyapti. Munozarada ishtirok etgan amaldorlardan biri bu pul AQSHdan emas, balki arab mamlakatlaridan o‘tishi kerakligini ta’kidlagan.
Taklif etilayotgan g‘oyaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari Fordodagi bombardimon qilingan ob’ektni uran boyitilmaydigan tinch yadroviy dasturga almashtirish uchun pul to‘lashi kerak. AQSH ushbu jarayonni boshqarishga tayyor.
Shuningdek, sanksiyani qisman bekor qilish va Tehronga hozir xorijiy banklarda muzlatilgan 6 milliard dollardan foydalanish huquqi ham beriladi.
AQSH Arab ittifoqchi davlatlari bilan birga so‘nggi ikki haftada Eron bilan parda ortida muzokara olib borgan. O‘shanda Isroil - Eron to‘qnashuvi davom etayotgan edi. Muzokara sulh bitimi tuzilgandan keyin ham davom etgani ma’lum.
S.Poyonov, O‘zA