"Aqlli" hisoblagichlar: muammo va yechim
Navoiy shahridagi “Coworking” markazida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan “Gaz ta’minoti tizimida olib borilayotgan muhim islohotlar: erishilayotgan yutuqlar va iste’molchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
bugungi kunda Navoiy viloyatida tabiiy gaz iste’molchilari soni 166 mingdan ziyodroqni tashkil etib, ularning 58 mingtasi ko‘p qavatli uylarda, qariyib 108 mingtasi hovli turar-joylarda istiqomat qiladi. Ayni vaqtgacha 112 ming 869 ta iste’molchiga "aqlli" hisoblagich o‘rnatildi.
– Tabiiy gaz ta’minotida joriy etilgan yangi avtomatlashtirilgan tizimga asosan “aqlli” hisoblagichlar to‘liq o‘rnatib bo‘lingan hududlarda gaz ta’minoti ikki bosqichliga o‘tkazilmoqda, – dedi filial bosh muhandisi Bahriddin Xudoyorov. – Tizimning afzalligi shundaki, tabiiy gaz iste’molchilar xonadonlariga bir maromda yetkaziladi va ortiqcha yo‘qotishlarning oldi olinadi. 2021 yilda viloyat bo‘yicha 617 ta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilib olingan. Jumladan, Navoiy shahrida 3 ta, Karmana tumanida 5 ta, Xatirchi tumanida 10 ta va Qiziltepa tumanida 11 ta jami 29 ta mahallada istiqomat qiluvchi 96 ming 466 ta xonadonning gaz ta’minoti to‘liq ikki bosqichli tizimga o‘tkazilgan.
[gallery-6840]
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, viloyatda tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarda istiqomat qiluvchi 100 ming nafardan ortiq aholi iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Jumladan, 93 ming 205 ta iste’molchiga shartnoma asosida maishiy gaz ballonlari yetkazib berilsa, 6 ming 850 ta iste’molchi Uchquduq shahridagi gaz quvurlari orqali suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Joriy yilning ayni vaqtiga qadar viloyat iste’molchilariga qariyib 4596 tonna suyultirilgan gaz yetkazilgan.
– Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodlaridan 6 dona “MAN” rusumli maxsus avtotransport vositalari orqali tashib keltiriladi, – deydi B.Xudoyorov. – Ularni qabul qilish va maishiy gaz ballonlariga to‘ldirib berish 4 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi va 1 ta gaz to‘ldirish stansiyasi orqali amalga oshiriladi. Maishiy gaz ballonlarini gaz to‘ldirish shoxobchalaridan aholi xonadonlariga yetkazib berish uchun shahar va tuman gaz filiallarida 24 dona “ISUZU” rusumli maxsus avtotransport vositasi mavjud.
Ta’kidlash o‘rinliki, gaz ta’minoti tizimining suyultirilgan gaz yo‘nalishiga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi ish unumdorligining oshishiga olib keldi. Suyultirilgan gaz ta’minotida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgach, hududlarda aholiga gaz tarqatadigan mas’ul shaxslarning ta’minot xaridi uchun iste’molchidan naqd pul qabul qilishiga chek qo‘yildi. Maishiy gaz ballonlariga maxsus kodli stikerlar o‘rnatilib, iste’molchilarga ID-karta taqdim qilinmoqda.
Belgilangan me’yor bo‘yicha har bir iste’molchiga gaz ballon kamida bir oyda uzog‘i 40-45 kun oralig‘ida yetkazilmoqda. Abonentlarga berilgan ID-kartalar “Ye-Gaz” onlayn tizimiga ulangan bo‘lib, iste’molchi bir oy to‘lmasdan turib yangi gaz ballon olish imkoniga ega emas. Ya’ni, ID-kartada barcha ma’lumotlar joylangan bo‘lib, iste’molchining oxirgi marta qachon gaz ballon bilan ta’minlanganligi “Ye-Gaz” onlayn tizimida ko‘rinib turadi.
Matbuot anjumanida Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi.
Viloyatda 22 ta mahalla va qishloq dasturga kiritilgan bo‘lib, 24,5 kilometr uzunlikdagi gaz tarmoqlarini joriy ta’mirlash 41 dona gaz taqsimlash punktlarini joriy ta’mirlash, Konimex, Qiziltepa, Navbahor, Nurota, Tomdi, Uchquduq va Xatirchi tumanlarining 11 ta mahallasiga qo‘shimcha 82 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berish rejalashtirilgan. Shu kunga qadar, Zarafshon shahar, Karmana, Qiziltepa, Xatirchi tumanlarida jami 3 kilometr gaz quvuri ta’mirlanib, bo‘yoqlash ishlari olib borildi. Karmana va Qiziltepada 2 dona gaz taqsimlash qurilmasi joriy ta’mirlandi. Shuningdek, Qiziltepa, Navbahor, Xatirchi tumanlarining ro‘yxatga yangi kiritilgan iste’molchilariga 6 dona maishiy gaz ballon yetkazib berildi.
Korrupsiya jamiyat rivojidagi illat. Bugungi kunda bu illatga qarshi kurashish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Hududgaztaʼminot” AJ va uning quyi tizim korxonalarida ham bu borada 2020-yilda moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish boʻlimlari tashkil etildi.
– Oʻtgan davr mobaynida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali va uning shahar (tuman) ishchi-xodimlarining oʻz xizmat faoliyatlarini lozim darajada olib bormaganliklari va ularning xatti-harakatlarida korrupsiya alomatlarini aniqlash maqsadida 76 ta xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, 79 ta maʼlumot tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilindi, – deydi boʻlim boshligʻi Akmal Ochilov. – Shuningdek, tizimdagi 52 nafar xodimga nisbatan turli darajada intizomiy chora koʻrildi. Jumladan, ularning 9 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan boʻlsa, 35 nafariga “hayfsan”, 8 nafariga ish haqidan tegishli tartibda ushlab qolish choralari belgilangan.
Matbuot anjumanida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
Abduvali Boʻriyev,
Siroj Aslonov, (surat), OʻzA.