“Aqlli” hisoblagichlar – “aqlli shahar” sari qadam
Toshkent shahri aholisi tez sur’atda ko‘payib borayotgani tufayli ichimlik suviga bo‘lgan talab kundan- kunga ortmoqda. Har bir tomchi suvning qadrini bilish, uni tejash va samarali boshqarish esa barchamizning ustuvor vazifamizga aylanmoqda. Bu esa nafaqat eskirgan infratuzilmani yangilash, balki zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishni ham taqozo etadi.
Joriy yilning avgust oyidan boshlab Toshkent shahrida “aqlli” sovuq suv hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Ushbu tashabbus xalqaro suv boshqaruvi sohasida yetakchi kompaniya “SUEZ” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Toshkent shahrining ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasining muhim bosqichidir.
Bu texnologiyalarni joriy etish Toshkentda suv ta’minoti samaradorligini oshirishda qanday samara beradi?


“SUEZ” kompaniyasi loyiha direktori Fulk de Sal de Baners O‘zA muxbiriga “aqlli” hisoblagichlarning afzalliklari, yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar va ularning uzoq muddatli istiqbollari haqida so‘zlab berdi:
– “Aqlli” sovuq suv hisoblagichi oddiy o‘lchov vositasidan farqli ravishda suv iste’molini masofadan turib raqamli hisob-kitob tizimiga uzatadi. Bu iste’molchilarga ta’minotni real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradi, haqiqiy iste’mol asosida aniq va shaffof to‘lov tizimini ta’minlaydi. Endilikda abonentlar uyiga inspektor kelishiga muhtoj emas.
Shuningdek, “aqlli” hisoblagichlar suv ta’minoti korxonalari uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi: texnik nosozliklar va noqonuniy ulanishlarni aniqlash, suv yo‘qotishlarni kamaytirish, tarmoqlarni samarali boshqarish va rejalashtirish hamda resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.


Hozir “SUEZ” mutaxassislari, “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ xodimlari, “Texnopark” montajchilari hamda mahalla vakillari hamkorligida ish olib borilmoqda. Aholiga oldindan xabar berilgach, o‘rtacha kun davomida 5 300 ta hisoblagich o‘rnatilmoqda. Dastlabki montaj ishlari Yangihayot tumanida boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa tumanlarda ham davom ettirilmoqda.
Asosiy muammolar texnik va tashkiliy jihatlar bilan bog‘liqdir. Ayniqsa, ba’zi eski binolarda trubalarga kirish yoki armaturalarni moslashtirish talab etiladi. Ammo bu kabi holatlar mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan hal qilinmoqda va ish jadvaliga jiddiy ta’sir ko‘rsatmayapti.
Eng muhimi, aholining munosabati ijobiy bo‘lib, hisoblagichlarning bepul o‘rnatilishi keng e’tirof etilmoqda. Fuqarolar bu yangilikning afzalliklarini tezda his etmoqda. To‘lovlarda aniqlik, tizimda shaffoflik va hech qanday ortiqcha ovoragarchilik yo‘q.


Agar belgilangan sharoitlar ta’minlansa, yil oxiriga qadar 50 ming dona hisoblagich ro‘yxatga olinadi. 2030 yilga qadar 650 mingdan ortiq “aqlli” sovuq suv hisoblagichlarini o‘rnatish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, Toshkentdagi “Texnopark” sanoat majmuasida mahalliy yig‘ish liniyasi ishga tushirilmoqda. Bu nafaqat loyiha samaradorligini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan birga poytaxtning modernizatsiya jarayonlariga ham sezilarli hissa qo‘shadi.
“Aqlli” sovuq suv hisoblagichlari oddiy hisob-kitob vositasi emas, balki Toshkentning “aqlli” va barqaror shahar konsepsiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ushbu loyiha suv resurslarini samarali boshqarish va iqtisodiy rivojlanish yo‘lida yangi davr boshlangani belgisidir.
Nilufar Bozorova, O‘zA