“Aqlli” hisoblagich: qulay va samarali
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi aholi xonadonlariga 12 mingdan ortiq “Aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgan.
Hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida xodimlar tomonidan undan qanday foydalanish, imkoniyatlar hamda to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash lozimligi, muhimi, turli noqonuniy xatti-harakatlar qilmasdan, oqilona foydalanish zarurligi borasida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Tumanning “G‘ovshun” mahalla fuqarolar yig‘inida 650 ta xonadonda 3 ming 261 nafar aholi istiqomat qiladi.
– Hisoblagichni o‘rnatib ketganiga ikki kun bo‘ldi – deydi Gulnoz opa Ubaydullayeva. – To‘g‘risi, menga uydan chiqmagan holda mobil ilovalar orqali navbatda turmasdan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirilishi juda yoqdi. Bu haqda ko‘p eshityapmiz, tushuntirishyapti, agar telefon raqamiga kelgan sms xabarga e’tiborli bo‘lsak albatta muammolar kelib chiqmas ekan. Biz xursandmiz, shunday sharoitlar, imkoniyatlar berilganiga.

Ba’zi iste’molchilar o‘rnatilayotgan hisoblagichlardan to‘g‘ri foydalanmay, aksincha, unga tashqi jihatdan zarar yetkazmoqda. O‘zboshimchalik bilan uni yechib olmoqda, achinarlisi, gaz tarmog‘iga turli noqonuniy yo‘llar bilan ulanish oqibatida baxtsiz hodisalar yuz bermoqda. Shuning uchun xodimlar hisoblagichni o‘rnatgan xonadonlarda bo‘lib, targ‘ibot-tashviqot ishlariga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Hisoblagichlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish, unga o‘zboshimchalik bilan tashqi ta’sir ko‘rsatmaslik lozimligini tushuntirmoqda.

Bugunga qadar ushbu hududning 300 dan ortiq xonadonida hisoblagichlar o‘rnatildi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, umumiy hisobda tumanda 12 mingdan ortiq xonadon “aqlli” hisoblagichlarga ega bo‘ldi. Iste’molchi bepul o‘rnatilayotgan hisoblagichlardan foydalanar ekan, bu borada o‘zining iste’molchi sifatidagi huquq va majburiyatlarini bilishi lozim. Muhimi, to‘lovni vaqtida amalga oshirilishidir.
Zarif Komilov, O‘zA