Aqchako‘l bo‘yida zamonaviy turistik zona barpo etildi
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 20-dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq mamlakatimizda “Zarbdor tajribasi” asosida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va aholi bandligini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida ham mavjud imkoniyat va zaxiralardan samarali foydalanish, aholi daromadlarini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shulardan biri — Aqchako‘l sohilini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-rejaning birinchi bosqichi doirasida zamonaviy turistik-rekreatsion zona barpo etildi. Loyihani amalga oshirish, sohil bo‘yini zarur infratuzilma bilan ta’minlash va obodonlashtirish ishlari uchun respublika byudjetidan 8,4 milliard so‘m ajratildi. Qurilish ishlari “Bo‘ston obod maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilib, ob’ekt foydalanishga topshirildi.
Loyihaning keyingi bosqichlarida hududda mehmonxonalar, mehmon uylari, o‘tovlar, restoranlar, savdo shoxobchalari hamda turli ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan 50 ga yaqin turizm va sohil bo‘yi xizmat ko‘rsatish ob’ektini tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, 75 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 20,3 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilishi, byudjetga qo‘shimcha 1,1 milliard so‘m soliq tushumi ta’minlanishi kutilmoqda. Shuningdek, maskanga kuniga 1–1,5 ming nafar, dam olish kunlari esa 2 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurishi prognoz qilinmoqda.
Mazkur loyiha tumanda turizm salohiyatini yuksaltirish, iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA