APLda hakamlar va futbolchilar o‘rtasidagi suhbatlar audiosi namoyish etiladi
Yangi tartib RefCam tizimining yanada kengaytirilishi doirasida joriy etiladi.
Angliya Premyer Ligasi uchrashuvlari translyatsiyasida ilk bor futbolchilar va hakamlar o‘rtasidagi muloqotlar audiosi namoyish etiladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Yangi tartib RefCam tizimining yanada kengaytirilishi doirasida joriy etiladi. Hakamlar boshiga o‘rnatilgan kameralar o‘tgan mavsumda olti haftalik sinovdan keyin translyatsiyalarning doimiy qismiga aylangan edi. Ular bahsli vaziyatlarni hakam nuqtayi nazaridan deyarli darhol takrorlash imkonini beradi.
Avval RefCam orqali yozib olingan audiolarni translyatsiya vaqtida ishlatib bo‘lmas, yozuvlar faqat bir necha kundan keyin ochiqlanar edi. Endi qoidalar yumshatiladi. APLning har bir 38 turida 1–2 ta epizodda hakamlar suhbati audiosi takroriy lavhalar bilan birga namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.
Biroq hozircha gap hakamlar muloqotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda berish haqida ketayotgani yo‘q. Audio epizod yakunlanganidan deyarli darhol uning takroriy lavhasiga qo‘shiladi.
Shuningdek, VAR ko‘rib chiqayotgan vaziyatlarda ushbu audiolardan foydalanilmaydi. Chunki IFAB qoidalari bunday muloqotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda uzatishni taqiqlaydi.
APL va avval PGMOL nomi bilan tanilgan Pro Ref tashkiloti IFABni qoidalarni yanada yumshatishga va hakamlar suhbatini bevosita efirda namoyish etishga ruxsat berishga ishontirishga harakat qilmoqda.