ANSO O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi
ANSO – Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasi hamda dunyoning qirqqa yaqin xalqaro ilmiy va oliy ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etilgan.
ANSO saytida Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan yaratilgan “COVID-19”ga qarshi rekombinant vaksinaning O‘zbekistonga kirib kelishi haqida maqola chop etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov “ZF-UZ-VAC2001” vaksinasi bo‘yicha yurtimizda o‘tkazilgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun ANSO tashkiloti va “Zhifei Longcom” kompaniyasi rahbarlariga minnatdorchiligini bildirdi. “Biz jamoaviy ishimiz va do‘stona hamkorligimiz tufayli mana shu bosqichgacha yetib keldik, – deb qayd etgan vazir. – Men bu shu sohadagi ishlarimizning boshlanishi va eng katta marralar oldinda ekaniga ishonaman!”
Mart oyining birinchi kuni Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan yaratilgan va “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd”da ishlab chiqarilgan “ZF-UZ-VAC2001” O‘zbekistonda favqulodda qo‘llash uchun davlat ro‘yxatida o‘tishida ANSO tashkilotining hissasi katta.
2020 yil avgust oyidan boshlab ANSO kotibiyati mazkur vaksinaning III faza klinik sinovlarini joriy etish bo‘yicha 20 dan ortiq onlayn-seminar o‘tkazdi. Unda Xitoy Fanlar akademiyasi olimlari, “Zhifei Longcom” kompaniyasining farmatsevtlari hamda O‘zbekiston, Chili, Filippin, Braziliya, Janubiy Afrika, Gana, Senegal, Shri-Lanka, Pokiston, Qozog‘iston, Turkiya kabi mamlakatlarning ilm-fan namoyondalari va tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligining qo‘llab-quvvatlovi bilan 2020 yilning dekabr oyida mazkur vaksinaning III faza klinik sinovlari boshlandi. 7 ming nafar ko‘ngillida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi vaksinaning xavfsizligini va yuqori samaradorligini ko‘rsatdi (ilmiy natijalar yaqin kunlarda nashr etiladi). Bu, o‘z navbatida, vaksinadan favqulodda foydalanish va marketingi bilan shug‘ullanish uchun ruxsat berilishiga sabab bo‘ldi.
ANSO O‘zbekiston hukumatiga, olimlari va ko‘p sonli ko‘ngillilarga mana shu sharafli ishga o‘z hissalarini qo‘shgani uchun minnatdorlik bildirdi. “Pandemiyadan keyingi osoyishta hayotimiz sari qadam tashlarkanmiz, ANSO ilm-fan, texnika va innovatsiyalar sohasida hamkorlikda global muammolarni yechishda tobora faol ishtirok etishga harakat qiladi. Biz tashkilotimiz a’zolari bo‘lgan ilmiy muassasalar va sheriklarimiz bilan pandemiyani yengish bo‘yicha hamkorlikdagi yanada kattaroq ishlarni amalga oshirishga umidvormiz”, deyiladi maqolada.
Muattar Burhonova, O‘zA