Annalena Berbok O‘zbekistonda
U haqda nima bilamiz?
Ma’lumki, shu kunlarda Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turibdi. Shu munosabat bilan ushbu siyosatchi haqida o‘quvchilarga qisqacha ma’lumot berishni lozim topdik.
Annalena Berbok 2021 yil 8 dekabrda GFR tashqi siyosat idorasi rahbari lavozimini egallagan. U mamlakat tarixida eng yosh TIV yetakchisi va ushbu idoraga rahbarlik qilgan birinchi ayol hisoblanadi.
Annalena 1980 yil 15 dekabr kuni G‘arbiy Germaniyaning Gannover shahrida muhandis oilasida dunyoga kelgan.
2002-2004 yillarda Gamburg universitetida siyosatshunoslik va huquqni o‘rgandi. 2005 yil London Iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabida o‘qib, xalqaro ommaviy huquq bo‘yicha magistr darajasini oldi.
U “Hannoversche Allgemeine Zeitung” (HAZ) gazetasi, Shimoliy Germaniya radiosi va “DPA” agentligida jamoachi xodim sifatida ishlagan. Strasburgda Yevropa kengashi tizimida va Yevropa parlamentida amaliyot o‘tagan.
2005 yil Berbok "Ittifoq-90/Yashillar" partiyasiga qo‘shildi. 2009 yildan boshlab partiyada turli lavozimlarni egallab keldi: 2009-2013 yillari Brandenburgda partiya hamraisi, 2009-2012 yillar “Yevropa Yashillar partiyasi” boshqaruvi a’zosi, 2012-2013 yillarda federal darajada partiya kengashi a’zosi.
2021 yil sentyabr oyida GFR kansleri lavozimiga bo‘lib o‘tgan saylovda “Ittifoq-90/Yashillar” partiyasidan nomzodi qo‘yildi. O‘shanda u atigi 14,8 foiz ovoz to‘plagan.
G.Abdullayeva, O‘zA